OpenAI olimlar bir asrdan beri yecholmagan matematik masalani yechdi
Texnologiya
−
09:16 1895 3 daqiqa
OpenAI kompaniyasi deyarli bir asr davomida matematiklarni qiynab kelgan Nave–Stoks masalasini sun’iy intellekt yordamida hal qilganini ma’lum qildi. Bu haqda OpenAI xabar berdi.
Nave–Stoks masalasi matematikadagi eng murakkab yechilmagan masalalardan biri bo‘lib, Clay Mathematics Institute tomonidan belgilangan 7 ta “Ming yillik muammosi” qatoriga kiradi. Ularning har birini to‘liq hal qilgan tadqiqotchi uchun 1 million dollarlik mukofot belgilangan.
OpenAI ma’lum qilishicha, masalani hal qilish uchun kompaniyaning eng so‘nggi GPT-6 Astra modeliga qaraganda kuchliroq ichki sun’iy intellekt tizimidan foydalanilgan. Bir vaqtning o‘zida qariyb 10 mingta mustaqil ishlaydigan SI agenti masala ustida ishlagan va yechimga 88 soat ichida erishilgan.
Kompaniya tadqiqotchisi Sebasten Byubek Nave–Stoks masalasining yechimini so‘nggi bir yil davomida sun’iy intellekt imkoniyatlari rivojining “ajoyib yakuni” deb atagan. OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, yechimni tekshirishga GPT-6 Astra modeliga taxminan 17 soat kerak bo‘lgan.
Nave–Stoks tenglamalari havo va suv kabi suyuqliklar harakatini tasvirlashda qo‘llanadi. Masala ushbu tenglamalar muayyan sharoitlarda barqarorligini yo‘qotib, yechimlar “portlab ketishi”, ya’ni suyuqlik tezligi nazariy jihatdan cheksiz qiymatga yetishi mumkinmi, degan savolni o‘rganadi. OpenAI taqdim etgan isbotga ko‘ra, bunday holat yuzaga kelishi mumkin.
Biroq kompaniyaning bayonoti olimlar o‘rtasida bahslarga sabab bo‘ldi. Nyu-York universiteti professori, matematik Tristan Bakmaster OpenAI o‘z tadqiqoti haqida xabar topganidan keyin Nave–Stoks masalasi ustidagi ishini tezlashtirganini bildirdi.
Bakmaster va Anthropic kompaniyasida ishlaydigan boshqa tadqiqotchi ham mazkur masala bo‘yicha o‘z natijalarini e’lon qilish arafasida bo‘lgan. Ular olib borayotgan ishlarning bir qismi OpenAI serverlaridagi Codex modelida saqlangani sababli Bakmaster ma’lumotlardan foydalanilgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Shu bilan birga, olim bu holat bo‘yicha OpenAI’ni ayblamaganini ta’kidlagan.
“Men ularning modeli nima qilganini yoki qanday ishlaganini bilmayman. Ma’lumotlarimizdan foydalanilgan-qilinmaganini ham bilmayman. Hech kimni hech narsada ayblamayapman”, degan u.
OpenAI esa matematika bo‘yicha ish olib borgan tadqiqotchilarning materiallaridan foydalanilgani yoki kompaniya serverlaridagi ma’lumotlarga kirilganini rad etdi. Byubek kompaniya boshqa olimlarning ishlaridan foydalanmaganini ma’lum qildi.
Biroq OpenAI o‘z bayonotida tadqiqotchilarning mahsulotlaridan foydalanishi modellarni takomillashtirishga qandaydir tarzda hissa qo‘shgan bo‘lishini to‘liq istisno qilib bo‘lmasligini ham bildirgan.
Kompaniyaning aytishicha, Nave–Stoks masalasi ustida ishlashga boshqa “Ming yillik muammolari”dan ikkitasi yechilgani haqida tarqalgan xabarlar turtki bo‘lgan. OpenAI ushbu ish orqali sun’iy intellekt ilmiy tadqiqotlarni qay darajada tezlashtirishi mumkinligini ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Matematika sohasida sun’iy intellektning imkoniyatlari so‘nggi vaqtlarda sezilarli darajada kengaymoqda. OpenAI may oyida qariyb 80 yil avval ilgari surilgan yana bir matematik muammo bo‘yicha natijaga erishganini bildirgan, Google DeepMind esa o‘z modellari xalqaro matematika olimpiadasi darajasidagi masalalarni yecha olishini namoyish qilgan.
Nave–Stoks masalasini hal qilgan matematik 1 million dollar mukofot olishi mumkin. Biroq OpenAI ushbu mukofot uchun da’vo qilmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OpenAI 13 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun maxsus ChatGPT versiyasini ishga tushirgandi.
Live
Barchasi