OpenAI IPO’ga ariza topshirdi. Kompaniya 1 trln dollarlik baho kutyapti

Texnologiya

image

ChatGPT chat-boti asoschisi bo‘lgan Amerikaning OpenAI kompaniyasi qimmatli qog‘ozlarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) uchun ariza topshirdi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy saytidagi e’londa so‘z boradi.

“Biz yaqinda maxfiy S-1 shaklini topshirdik. Bu ma’lumot baribir sizib chiqishini kutgan edik, shuning uchun bu haqda o‘zimiz rasman e’lon qilishni lozim topdik. Hozircha muddat bo‘yicha bir qarorga kelmadik. Bu biroz vaqt talab qilishi mumkin, chunki biz amalga oshirishni xohlayotgan va xususiy kompaniya bo‘lib qolgan holda bajarish osonroq bo‘lgan ayrim ishlar bor. Biroq bu murakkab murosalar to‘plamidir va bunday qadam, agar yakunda eng yaxshi yechim bo‘lib chiqsa, birjaga ertaroq chiqish imkoniyatini beradi”, deyiladi xabarda.

OpenAI bo‘lajak IPO’ning asosiy parametrlarini, jumladan, kompaniya aksiyalarni qanday narxda joylashtirishni rejalashtirayotgani va birjaga chiqishdan oldin uning qiymati qanchaga baholanishi mumkinligini hozircha oshkor qilmagan. Biroq, “Reuters”ning yozishicha, sun’iy intellekt giganti sentyabr oyidayoq bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan birja debyutida 1 trillion dollargacha bo‘lgan bahoga umid qilmoqda.

Avvalroq, Claude sun’iy intellekt assistenti dasturchisi va OpenAI’ning asosiy raqobatchilaridan biri bo‘lgan Anthropic kompaniyasi ham IPO uchun maxfiy ariza topshirgan.

“Ikkala kompaniya ham data-markazlar qurish, chiplar sotib olish va mutaxassislarni yollash uchun zarur bo‘lgan kapital poygasi fonida ommaviy bozorga chiqishga intilmoqda”, deb qayd etadi “Bloomberg”. 

Ekspertlarning ogohlantirishicha, birinchi bo‘lib IPO o‘tkazgan kompaniya sun’iy intellekt infratuzilmasini yanada rivojlantirish uchun investitsiyalarni jalb qilishda ustunlikka ega bo‘lishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ilon Mask o‘ziga tegishli SpaceX kompaniyasi aksiyalarining qiymatini ommaviy savdoga chiqarish arafasida 1,75 trillion dollar deb baholagani va birjadagi aksiyalar savdosi shu narxda amalga oshsa, Mask dunyodagi birinchi trillionerga aylanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing