OFK Qatarni Infantinoni qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi

Sport

image

Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Qatar futbol assotsiatsiyasini FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlagani uchun tanqid qildi. Bu haqda “The Times” xabar berdi.

Avvalroq, Marokash, Qatar va yana to‘rtta arab davlati futbol federatsiyalari Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan edi.

“Qit’alararo birdamlik eng muhim bo‘lgan bir paytda, sizning hozirgi pozitsiyangiz va OFK prezidentining qonuniy vakolatlarini shubha ostiga qo‘yuvchi harakatlaringiz Osiyo futboli birligiga putur yetkazadi. Bu esa global maydonda Osiyo futbol oilasi manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha jamoaviy qobiliyatimizni zaiflashtiradi”, deydi OFK prezidenti Salmon bin Ibrohim Al Halifa.

Bungacha Infantino Jahon chempionati translyatsiya huquqlaridagi ulushni xususiy investorlarga sotishni taklif qilgan edi. Biroq turli tashkilotlar tomonidan bildirilgan tanqidlardan so‘ng u mazkur g‘oyadan voz kechdi.

Xususan, Infantinoning taklifi Yevropa futbol ittifoqi (UEFA), KONKAKAF, OFK va Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (CONMEBOL) tomonidan rad etildi.

Shu bilan birga, UEFA FIFA homiyligidagi turnirlarni boykot qilish ehtimolini bildirib, xalqaro federatsiya prezidentiga bo‘lgan ishonch yo‘qolganini ma’lum qildi.

“The Telegraph” xabar berishicha, agar Infantino o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqishdan bosh tortsa, UEFA unga nisbatan ishonchsizlik votumi o‘tkazish niyatida. Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) va bir qator milliy futbol assotsiatsiyalari esa Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Ma’lumot uchun, 56 yoshli Janni Infantino 2016 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari kongressda FIFA prezidenti etib saylangan. Keyinchalik u ikki marta raqobatsiz qayta saylangan. Navbatdagi FIFA prezidenti saylovi 2027 yil mart oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing