Nursulton Nazarboyev 2023 yilda nimalarni yo‘qotdi?
Olam
−
08 yanvar 2024 5972 3 daqiqa
Qozog‘istonda 2022 yil yanvardagi norozilik namoyishlaridan so‘ng sobiq prezident Nursulton Nazarboyev muntazam ravishda biror narsadan – unvondan tortib, mansabgacha mahrum bo‘lgan. “Orda.kz” nashri 2023 yil Nursulton Nazarboyev uchun qanday o‘tganini esladi.
O‘tgan yilning yanvar oyida parlament bir ovozdan Nazarboyevni “Elboshi” maqomidan mahrum qildi. Shundan so‘ng, darhol Senat u Qozog‘iston faxriy senatori bo‘lmasligini e’lon qildi. Keyinchalik esa parlamentda bu unvon butunlay bekor qilindi. May oyi oxirida sobiq prezidentni haqorat qilish jinoyat hisoblanmasligi ma’lum bo‘ldi. Ilgari sobiq prezidentni haqorat qilgan fuqarolar uch yil qamoq jazosiga hukm qilinardi.
Shuningdek, iyun oyida Moliya vaziri Nazarboyevning idorasi va kutubxonasi yopilishini aytgan edi.
29 iyun kuni Senat deputatlari Qozog‘iston Respublikasining sobiq prezidentini uning sharafiga atalgan ta’lim muassasalari – Nazarboyev intellektual maktablari va Nazarboyev universiteti vasiylik kengashi rahbari maqomidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Endi bu vakolatlar Qosim-Jomart To‘qayevga tegishli.
Qayd etilishicha, xususiy Nazarboyev jamg‘armasi hamon birinchi prezident nomini saqlab kelmoqda. Uning asoschisi Nursulton Nazarboyevning o‘zi. Nomini o‘zgartirgan yana bir ta’lim muassasasi Birinchi Prezident nomidagi sobiq Milliy mudofaa universiteti bo‘ldi. Oktyabr oyida u Qozog‘iston Respublikasi Milliy mudofaa universiteti deb o‘zgartirildi.
Oktyabr oyida Senat Milliy jamg‘armadan bolalarga pul to‘lash to‘g‘risidagi qonun loyihasini Majlisga qaytardi. Xususan, deputatlar “Qozog‘iston Respublikasining maxsus davlat organlari to‘g‘risida”gi qonun normalarini Konstitutsiyadan “Elboshi” to‘g‘risidagi qonun chiqarib tashlangani munosabati bilan muvofiqlashtirishni talab qilishdi. Shu tariqa Nursulton Nazarboyev Milliy jamg‘armani boshqarish kengashi tarkibidan chiqarildi.
2023 yildagi yana bir o‘zgarish “Samruk-Kazina” milliy farovonlik jamg‘armasi boshqaruv kengashining tugatilishi bo‘ldi. Uning tarqatilishi bilan Nursulton Nazarboyev ham navbatdagi yuqori lavozimidan ayrildi.
Yil oxirida parlament quyi palatasi spikeri Erlan Koshanovdan sobiq prezident Nursulton Nazarboyev nomi madhiya muallifligidan olib tashlanishi mumkinmi, degan savol berilgandi.
“Mavzu bugungi kun tartibida emas. Vaqt ko‘rsatadi", deydi Erlan Koshanov.
83 yoshli Nazarboyev 30 yil davomida respublika rahbari bo‘lib ishlagan. 2019 yilda u iste’foga chiqishini e’lon qilib, mamlakatdagi o‘zgarishlarni davom ettiradigan yangi avlod rahbarlarining hokimiyatga kelishi zarurligini ta’kidlagan.
Konstitutsiyaga muvofiq, davlat rahbarining vakolatlari keyinchalik To‘qayevga Senat (parlament yuqori palatasi) raisi sifatida yuklatildi. 2019 yil iyun oyida To‘qayev prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. 2022 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda u 7 yil muddatga qaytadan Qozog‘iston Prezidenti etib saylandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Egemen Qazaqstan” gazetasiga bergan shov-shuvli intervyusida 2022 yildagi yanvar voqealarida ayrim shaxslarning mamlakatda qo‘sh hokimiyat modelini joriy etishga urinishlari haqida o‘z fikrini bildirgandi.
Live
Barchasi