“Nozik nuqta”. Pentagon ilk bor o‘q-dori tanqisligini tan oldi

Olam

image
“Bizda o‘q-dorilarning cheksiz zaxirasi bor”. Tramp maqtanchoqlik qildi north_east

“Bizda o‘q-dorilarning cheksiz zaxirasi bor”. Tramp maqtanchoqlik qildi

Pentagon Eron bilan urush oqibatida o‘q-dorilar tanqisligi yuzaga kelganini ilk bor rasman tan oldi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligi bosh inspektorining 28 fevralda boshlangan Eronga qarshi kampaniya – Pentagon tomonidan “Epik g‘azab” (Epic Fury) deb nomlangan operatsiya haqidagi birinchi choraklik hisobotida so‘z boradi.

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 28 fevraldan 30 iyungacha bo‘lgan davrda Eronga qarshi harbiy harakatlar 33,4 milliard dollarga tushgan, shundan 22,3 milliard dollari sarflangan o‘q-dorilarga, yana 3,7 milliard dollari esa yo‘qotilgan texnikaga to‘g‘ri keladi. Harbiy vazirning xaridlar va ta’minot bo‘yicha o‘rinbosari boshqarmasi operatsiya davomida o‘q-dorilarning sarflanishi “strategik zaxiralarning tanqisligiga olib kelganini va ularni to‘ldirishda mudofaa-sanoat bazasidagi nozik nuqtalarni yuzaga chiqarganini” ma’lum qilgan.

Pentagonning aniqlik kiritishicha, idora ishlab chiqarish tarmoqlarini jadallashtirish, mudofaa korxonalari quvvatini kengaytirish hamda muhim materiallar va komponentlarni jamlash ustida ishlamoqda, biroq buning uchun sohaga “sezilarli vaqt” talab etiladi. Hisobotga ko‘ra, eng jiddiy muammolar qattiq yoqilg‘ili raketa dvigatellari, portlovchi moddalar va porox ishlab chiqarishda, shuningdek, malakali ishchilarni yollashda saqlanib qolmoqda.

Qayd etish joiz, Prezident Donald Tramp va Pentagon rahbari Pit Xegset bir necha bor o‘q-dorilar tanqisligini rad etib, AQSH Qurolli kuchlarida harbiy harakatlarni olib borish uchun qurol-yarog‘ yetarli ekanini aytgan edi. 24 iyun kuni Oq uy Kongressga 87,6 milliard dollar miqdoridagi shoshilinch qo‘shimcha moliyalashtirish so‘rovini yuborgan, shundan 67,1 milliard dollari Mudofaa vazirligiga – birinchi navbatda o‘q-dorilarni to‘ldirish va Eronga qarshi operatsiya xarajatlarini qoplash uchun mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati Eron bilan urush sababli o‘q-dorilar tanqisligi haqidagi ma’lumotlarning sizib chiqishi ushbu ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan tor doiradagi shaxslar orasidagi xorijiy razvedka agenti tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkinligidan xavotirga tushgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing