Norchayevning “Braga”ga transferi barbod bo‘ldi
Sport
−
01 fevral 16215 1 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Husayn Norchayevning viza bilan bog‘liq muammo sabab, Portugaliya chempionati vakili “Braga”ga o‘tishi bekor bo‘ldi. Bu haqda futbolchining o‘zi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Telegram’dagi “Penalty” kanalining yozishicha, “Braga” futbolchiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun xat yuborgan. Ammo bu vaqtda Norchayev Dohada bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘inida edi. Portugaliyada qishki transferlar oynasi 3 fevral kuni yopilishi sabab, futbolchi yig‘inni oxiriga yetkazmay Toshkentga qaytib keldi.
O‘zbekistonda Portugaliya elchixonasi va vakolatxonasi yo‘qligi bois, futbolchining agentlari Toshkentdagi Fransiya elchixonasi orqali Rossiyadagi Portugaliya elchixonasiga aloqaga chiqqan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham bu vaziyatga qo‘shilgan. Ammo Portugaliya elchixonasi xodimlari qisqa muddatda viza tayyorlab bera olmasligi, futbolchi dushanba kuni Moskvaga uchib ketishi so‘ralgan. Norchayev esa dushanba kuni, ya’ni 3 fevral kuni Moskvada emas, Portugaliyada bo‘lishi kerak. Shu sababli, mazkur transfer amalga oshmaydigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Sardor Rashidov Norchayevning Portugaliya klubiga o‘tishi haqida gapirgandi.