Nigerda isyonchilar 3 vazir va partiya rahbarini hibsga oldi
Olam
−
02 avgust 2023 3437 2 daqiqa
Nigerda so‘nggi ikki kun ichida isyonchilar Prezident Muhammad Bazum hukumatidagi uch vazir va partiya yetakchisini hibsga oldi. Bu haqda Yevropa ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Gap mamlakat Neft vaziri Sani Issufu Maxamadu haqida ketmoqda, u ham Nigerning sobiq prezidenti Maxamadu Issufuning o‘g‘li hisoblanadi.
Bundan tashqari, Transport vaziri Alma Umaru, Konlar vaziri Useyni Hadizat Yakub va Demokratiya va sotsialistik partiya raisi Fumakoye Gado hibsga olingan.
Prezident Bazum partiyasi hibsga olingan amaldorlarni zudlik bilan ozod qilishga chaqirgan.
Shundan so‘ng, Yevropa Ittifoqi ushbu holatni qoralab chiqdi.
“Yevropa Ittifoqi Prezident Muhammad Bazum hukumatidagi vazirlar va yuqori martabali amaldorlarning Nigerdagi isyonchilar tomonidan hibsga olinishini qoralaydi. Biz ularni zudlik bilan ozod qilishga chaqiramiz”, deb yozgan Yevropa Ittifoqi diplomati Jozep Borrel.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna Nigerdagi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq vaziyatdan Rossiya ham, mintaqa davlatlari ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinligini aytib chiqqandi. Shuningdek, Nigerda minglab namoyishchilar Fransiya elchixonasiga hujum qilgandi. Bunga javoban Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij o‘z fuqarolari va xorijdagi muassasalarga qarshi hujumlarga toqat qilmasligini aytib, agar bunday hodisalar yuzaga kelsa, keskin javob berishga va’da bergan.
Ma’lumot uchun, Niger prezident gvardiyasining bir guruh harbiylari (keyinchalik ularga mamlakat Qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham qo‘shildi) joriy yilning 26 iyul kuni prezident Muhammad Bazumni qo‘lga oldi.
Prezident gvardiyasi boshlig‘i Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari deb e’lon qildi. U davlat to‘ntarishini korrupsiya va davlat mablag‘larini o‘zlashtirishga qarshi kurashish istagi bilan izohladi.
Bazumning ag‘darilishi BMT, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqi tomonidan qoralangan.
Parij Fransiya konstitutsiyaviy tuzumni tiklash va hokimiyatdan chetlatilgan Prezident Bazumni hokimiyatga qaytarishga qaratilgan barcha mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlagan.
Live
Barchasi