Navoiy hokimligi mahallalarni sun’iy intellekt bilan “obodonlashtirdi"

Jamiyat

image

Avvalroq, Navoiy shahri hokimligining “Hayot” mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari yuzasidan Telegram-kanalida e’lon qilgan fotohisobotlarida mahalla hududidagi obodonlashtirish ishlaridan avvalgi va keyingi ko‘rinishidagi rasmlarni sun’iy intellekt orqali tayyorlagan bo‘lishi mumkinligi haqida QALAMPIR.UZ xabar bergandi. Mazkur holat, ayniqsa, internet foydalanuvchilarining e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. 

Endi esa, shahar hokimligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, suratlarni tayyorlashda chindan ham sun’iy intellektdan foydalanilganiga iqror bo‘ldi. Bu haqda shahar hokimligining axborot xizmati xabar berdi.

Munosabatda aytilishicha, materiallarni tayyorlash va kanalga joylashtirish jarayonida mas’ul xodimlar tomonidan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilgan. Mahalla hududidagi haqiqiy o‘zgarishlarni ko‘rgazmali va sifatliroq formatda taqdim etish maqsadida dizayn jarayonida sun’iy intellekt elementlaridan foydalanilgan hamda ushbu materiallar tegishli tekshiruvdan o‘tkazilmasdan e’lon qilingan. 

“Ushbu holat va jamoatchilikda tug‘ilgan o‘rinli e’tirozlar uchun fuqarolarimiz hamda ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilaridan uzr so‘raymiz”, deyiladi hokimlik xabarida.

Shuningdek, materiallarni tayyorlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar ogohlantirilgani aytilgan.

Bundan tashqari, “Hayot” mahallasida aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida haqiqatdan ham salmoqli ishlar bajarilgani qayd etilgan. Ta’kidlanishicha, mahalla hududida yo‘llar ta’mirlanib, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatilgan hamda bolalar maydonchasi barpo etilib, yashil hududlar barpo qilingan. 

Qayd etilishicha, natijalar sun’iy emas, balki real hayotda o‘z aksini topganini ko‘rsatish maqsadida ushbu munosabatga mahalla hududining bugungi kundagi haqiqiy (ishlov berilmagan) foto va video lavhalari ilova qilingan.

“Biz fuqarolarimiz va OAV vakillarining xolis nazorati hamda bildirilgan fikrlarini yuqori baholaymiz. Barcha OAV xodimlari, blogerlar va jamoatchilik vakillarini “Hayot” mahallasiga tashrif buyurib, amalga oshirilgan ishlarga o‘z joyida xolis baho berishga taklif etamiz”, deya ta’kidlangan munosabatda.

Bildirilishicha, hokimlik tomonidan keyinchalik axborot xizmati faoliyatida bunday ko‘rinishdagi xatoliklarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun nazorat va talab yanada kuchaytirilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing