Navbat husiylarga. Isroilning Yamanga yo‘llagan zarbalarida 35 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
11 Sentabr 2025 3831 3 daqiqa
Yamanda Isroil hujumidan halok bo‘lganlar soni 35 nafarga yetdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Mamlakat poytaxti sanalmish Sana shahridagi hujumlar oqibatida 28 kishi halok bo‘lgan, 113 kishi jarohatlangan. Al-Jauf viloyatining Hazm hududida esa yetti kishi halok bo‘lgan, 18 kishi yaralangan. Umumiy hisobda qurbonlar va jarohatlanganlar soni 166 nafarni tashkil etadi. Fuqaro mudofaasi xizmati vayronalar ostida majaqlanib qolgan jasadlarni qidirishda davom etmoqda.
Kecha, 10 sentyabr kuni kechqurun Isroil armiyasi (SAXAL) Yaman poytaxti va Al-Jauf viloyatiga yirik aviatsion hujum uyushtirganini bildirdi. Maqsad sifatida husiylarga qarashli harbiy lagerlar, armiyaning aloqa shtabi, yonilg‘i ombori va qo‘mondonlik punktini yo‘q qilishi ko‘rsatilgan. Isroil bu zarbalarni husiylarning o‘ziga qarshi uyushtirgan dron va raketa hujumlariga javob sifatida izohlagan.
Hujumda 10 ta samolyot ishtirok etib, 15 ta nishonga 30 dan ortiq bomba tashlangan. Bu Isroilning Yaman hududiga qilgan eng yirik havo hujumlaridan biri bo‘ldi. Bunga javoban husiylar Quddus yaqinidagi ob’ektlarga raketa otganlini bildirdi, ammo bu Isroil tomonidan tasdig‘ini topgani yo‘q.
Umuman olganda, Isroil so‘nggi paytlarda o‘z dushmanlariga raketa yog‘dirishdan tiyilmayapti. G‘azodan boshlangan harakat Eron, Suriya, Yaman va Qatarga ham qaratildi.
Husiylar va Isroil o‘rtasidagi mojaro aynan Isroilning zarbalaridan keyin yuzaga qalqib chiqdi. Hammasi Isroilning Yamandagi Sana shahriga amalga oshirgan aviatsiya zarbasidan so‘ng boshlangan. Joriy yilning 28 avgust kuni Isroil husiylar rahbariyatini ilk bor nishonga olgandi. Bungacha Isroil, asosan, Yamandagi harbiy ob’ektlar va husiylar foydalanayotgan fuqarolik infratuzilmalariga zarba berardi. Ammo Isroil havo kuchlari o‘sha kuni prezident saroyi joylashgan harbiy bazani nishonga oldi. Shuningdek, ikki elektr stansiyasi va yoqilg‘i omboriga ham zarba berdi. Hujum oqibatida husiylar hukumatining bosh vaziri va bir nechta amaldorlari halok bo‘lgan edi. O‘shanda alamzada husiylar o‘z bosh vaziri va boshqa siyosiy yetakchilarning Isroil aviahujumlari oqibatida halok bo‘lgani uchun qasos olishga va’da bergandi. Shundan so‘ng, Isroil tomoni harakat a’zolariga tahdid qilib, ularning boshidan Misr fir’avniga yuborilgan 10 ta falokat yog‘dirilishini bildirgan.
Isroilning Qatarga yo‘llagan zarbalari
9 sentyabr kuni kunduzi Isroil Dohadagi uylarga zarbalar yog‘dirdi. Qatar Tashqi ishlar vazirligi hujum ostida qolgan uylar orasida “HAMAS siyosiy byurosi a’zolari yashab kelgan joylar” bo‘lganini bildirdi. OAVga ko‘ra, bu hujumda guruh rahbarlari, jumladan, G‘azo sektoridagi yetakchi Xalil al-Xayya va siyosiy byuro rahbari Xolid Mash’al halok bo‘lgan.
Biroq HAMAS a’zosi Suhayl al-Xindiy bu xabarni rad etgan va uning aytishicha, aslida Xalil al-Xayyaning o‘g‘li Hammam hamda uning ofis-menejeri vafot etgan. Qatar Ichki xavfsizlik kuchlari xodimlaridan biri ham halok bo‘lgani, bir necha kishi jarohatlangani aniqlangan.
Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya kabi bir qator davlatlar Isroilning bu harakatlarini qoraladi. AQSH Prezidenti Donald Tramp esa Qatar hududida bunday hodisa yuz berganidan afsus bildirgan. HAMAS esa AQSHni ham bu hujum uchun mas’ul deb bilishini aytgan.
Qatar voqeadan so‘ng HAMAS va Isroil o‘rtasida vositachilik faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi.
Live
BarchasiErdo‘g‘an Saudiyaga bordi
03 fevral
Qashqadaryoda YPX mashinasi yonib ketdi
03 fevral