Isroil vaziri husiylarga tahdid qildi

Olam

image

Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Yamandagi husiylarni ogohlantirib, ularning boshidan Misr fir’avniga yuborilgan 10 ta falokat yog‘dirilishini aytdi. Bu haqda vazir X tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

Vazirga ko‘ra, husiylar Isroil hududiga raketa otishga urinib ko‘rgan. Isroil armiyasi bugun, 4 sentyabr kuni Yaman hududidan uchirilgan raketaning Isroil hududidan tashqariga qulaganini ma’lum qilgan. Bundan oldin esa yana 2 ta raketa urib tushirilgan edi.

Husiylar bu harakatlarni qasos olish maqsadida amalga oshirmoqda. Hammasi Isroilning Yamandagi Sana shahriga amalga oshirgan aviatsiya zarbasidan so‘ng boshlangan. Joriy yilning 28 avgust kuni Isroil husiylar rahbariyatini ilk bor nishonga olgandi. Bungacha Isroil, asosan, Yamandagi harbiy ob’ektlar va husiylar foydalanayotgan fuqarolik infratuzilmalariga zarba berardi. Ammo Isroil havo kuchlari o‘sha kuni prezident saroyi joylashgan harbiy bazani nishonga oldi. Shuningdek, ikki elektr stansiyasi va yoqilg‘i omboriga ham zarba berdi. Hujum oqibatida husiylar hukumatining bosh vaziri va bir nechta amaldorlari halok bo‘lgan edi. O‘shanda alamzada husiylar o‘z bosh vaziri va boshqa siyosiy yetakchilarning Isroil aviahujumlari oqibatida halok bo‘lgani uchun qasos olishga va’da bergandi.

“Biz ularga zulmat falokati, to‘ng‘ich farzand falokati – 10 ta falokatning barchasini yog‘diramiz”, degan Mudofaa vaziri. 

Qayd etish joizki, vazir ushbu so‘zlari bilan yahudiylar uchun muqaddas sanalgan kitob – Tavrotning “Chiqish” kitobidagi Misr fir’avniga yuborilgan 10 ta falokatni yodga olmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil husiylar Isroil Kats Tavrot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing