NATO bizni qo‘shishga Rossiyadan qo‘rqyapti – Zelenskiy
Olam
−
03 iyun 2023
13664Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir qator NATO davlatlari Rossiyadan qo‘rqib, Ukrainani ittifoqqa qo‘shishni istamayotganini aytdi. Bu haqda u “The Wall Street Journal”ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Men NATOning ba’zi davlatlari Rossiyadan shunchalik qo‘rqib, Ukrainani alyansga qabul qilmoqchi emasligiga ishonaman. Agar Vilnyusda bizga qandaydir signal bermasalar, Ukrainaning bu sammitda qatnashishidan ma’no yo‘q, deb hisoblayman”, deb tushuntirgan Ukraina rahbari.
Shuningdek, Zelenskiy Kiyevga bunday signal kelishini bilmasligini aytgan.
Ta’kidash joizki, Zelenskiy Ukraina urush yakunlanmaguncha alyansga qo‘shilmasligini tan olgan. Shu bilan birga, u Rossiya bilan chegaradosh davlatlarni Shimoliy Atlantika alyansi va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga chaqirgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yil sentyabr oyi oxirida Zelenskiy Ukraina tezlashtirilgan asosda NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berayotganini e’lon qilgan. AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan esa bunday tartibni amalga oshirish vaqti emasligini aytgan. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba esa Ukraina NATOning Vilnyusdagi sammitining alyansga qo‘shilish taklifidan tashqari boshqa hech qanday qarori bilan qanoatlanmasligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 may kuni Kopengagendagi “Demokratiya sammiti”da so‘zga chiqqan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitda alyans a’zolaridan Ukraina ittifoqqa qo‘shishga rozi bo‘lishini kutishini bildirgandi. Shu hafta Oslo (Norvegiya)da bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan NATO Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida esa Ukrainaga alohida maqom berilishi kutilmoqda.
LiveBarchasi