Namanganda plastik karta orqali pora olgan bojxonachi ushlandi
3-sahifa
−
18 iyul 5490 2 daqiqa
Namangan viloyatida plastik karta orqali pora olgan Bojxona boshqarmasi xodimi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida viloyat Bojxona boshqarmasi “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postining bojxona nazorati va rasmiylashtiruv guruhi inspektori Davlatobod tumanida yashaydigan shaxsdan xorij orqali olib kelingan 57 dona Iphone 16 PRO MAX telefon qurilmalarini Toshkent xalqaro aeroportida ishlovchi bojxona xodimi orqali IMEI-kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib berishni va’da bergan. Shuningdek, xodim “yordam”i evaziga davlatobodlik fuqarodan har bir uyali aloqa vositasi uchun 100 dollardan jami 5700 dollar talab qilgan. Qolaversa, muqaddam fuqaro tomonidan chet eldan deklaratsiyada ko‘rsatmagan holda kiyim-kechaklarni olib kelgani yuzasidan chora ko‘rmagani evaziga 400 dollar talab qilgan.
Inspektor joriy yilning 11 va 14 iyul kunlari so‘ralgan pul mablag‘idan 900 dollar hisobida 11 mln 317 ming so‘mni o‘zi va qarindoshiga tegishli bank plastik kartalariga o‘tkazib olgan.
16 iyul kuni esa u 1000 dollar hisobida 12 mln 550 ming so‘mni qarindoshining bank plastik kartasiga o‘tkazib olgan vaqtida DXX, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan bojxona inspektoriga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Bildirilishicha, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida haydovchilik guvohnamasini olib berish evaziga 1500 dollar talab qilgan inspektor qo‘lga olingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr