Namanganda kelinoyisi va amakivachchalarini o‘ldirgan 22 yoshli yigit umrbodga qamaldi
3-sahifa
−
14 aprel
9373Namangan viloyatining Pop tumanida amakisining turmush o‘rtog‘i va uning ikki farzandini o‘ldirgan yigit umrbod muddatga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Sud materiallarida qayd etilishicha, ushbu mudhish jinoyat 2024 yilning 9 avgust kuni Pop tumanining Chodak qishlog‘ida amalga oshirilgan. Sudlanuvchi A.M. hayotga qarshi jinoyatlar turkumiga kiruvchi javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda, ya’ni ikkidan ortiq shaxsni, aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni, o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan o‘ldirgan.
Jinoyatga qadar sudlanuvchining otasi I.A. o‘zining ukasi I.M. bilan avvaldan uy-joy va maishiy nizolar tufayli muntazam janjallashib kelgan va oqibatda har ikkala oila a’zolarining bir-birlariga nafrati oshib borgan. Marhuma ayolning eri va marhum bolalarning otasi Rossiyaga ishlash uchun ketgan bo‘lishiga qaramasdan, uning oila a’zolari o‘zlari yashab kelayotgan xonadon orqali elektr va gaz tarmog‘iga ulangan M.A. yashab kelayotgan xonadonni, xonadon egalarini ogohlantirmagan holda muntazam gaz va elektr tarmog‘idan o‘zboshimchalik bilan uzib qo‘yib kelgan.
Sudlanuvchi kechki soat 20:00 atrofida o‘zi yashab kelayotgan xonadoniga kelgan M.A. amakisi I.M.ning turmush o‘rtog‘i M.R. tomonidan elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilganidan xabar topib, buning uchun o‘ch olish maqsadida M.R. va voyaga yetmagan farzandlarini qasddan o‘ldirishni rejalashtirgan.
U o‘ylagan rejasiga asosan, shu kuni o‘zi yashab kelayotgan xonadonda ro‘zg‘or uchun foydalaniladigan pichoqni olib, soat 20:30 atrofida qurollangan holda amakisi I.M.ning xonadoniga kirib, dastlab xonadon hovlisida tomorqa tomoniga harakatlanib ketayotgan, I.M.ning 2011 yilda tug‘ilgan 14 yoshga to‘lmagan voyaga yetmagan M.M.ni orqasidan yugurib yetib olib, uni ojiz ahvolda ekanligini bila turib, qo‘lidagi pichoq bilan bo‘yin qismiga, so‘ngra qorin va ko‘krak qismlariga, o‘ta shafqatsizlik bilan ko‘p marotaba sanchib, kesilgan jami 29 marotaba jarohatlar yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, u o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, yashash xonasi eshigidan uni harakatlarini kuzatib turgan, so‘ng jon saqlash uchun qochayotgan M.R.ni qasddan o‘ldirish maqsadida ortidan yotoqxonasiga qadar quvib yetib olib, qo‘lidagi pichoq yordamida M.R.ning bo‘yin va ko‘krak qismilariga ko‘plab, sanchilgan, kesilgan jami 42 marotaba jarohatlar yetkazib, uni ham qasddan o‘ldirgan.
M.A. o‘zining jinoiy harakatlarini to‘xtatmay, uning bu harakatlaridan qo‘rqib, xonadon oshxonasiga kirib yashirinib olgan M.M.ni qasddan o‘ldirish maqsadida qo‘lidagi pichoq yordamida ichkaridan qulflangan oshxona eshigini ochayotganida pichoq singani uchun eshikni tepib ochgan va shu xonada stol ustida turgan oshxona pichog‘ini qo‘liga olib, M.M.ni qasddan o‘ldirish maqsadida qo‘lidagi pichoq yordamida, o‘ta shafqatsizlik bilan qorin va ko‘krak qismlariga ko‘plab sanchilgan, kesilgan jami 39 marotaba jarohatlar yetkazib, uni qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, yigit jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida M.R.ning telefonini va shu xonadon oshxonasidan olgan oshxona pichog‘ini tomorqa tomoniga otib yuborib, o‘zi bilan olib kelgan singan pichoqni cho‘ntagiga solib, hodisa joyidan qochib yashiringan.
Joriy yilning 7 aprel kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismining “a”, “v”, “j” bandlari bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi. Jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahrida internet o‘yinlarida qarz bo‘lib, o‘g‘rilikka tushgan 25 yoshli erkak o‘g‘irlik paytida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan uxlayotgan ayolni bolalarining ko‘z oldida o‘tkir tig‘li jism bilan o‘ldirgandi. Unga 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
LiveBarchasi