Namanganda 40 ming dollar pora so‘ragan mansabdor ushlandi (video)
3-sahifa
−
08:45 4350 2 daqiqa
“Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari o‘z tanishini yuqori lavozimga tayinlash evaziga pora talab qildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Ko‘mir ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyati Namangan viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni viloyatdagi tumanlardan birining ko‘mir ombori rahbari lavozimiga tayinlash hamda omborga keluvchi ko‘mir ortilgan yuk vagonlari sonini ko‘paytirib berish evaziga 40 000 AQSH dollari talab qilgan.
Joriy yilning 6 dekabr kuni u so‘ralgan pul mablag‘idan 25 000 AQSH dollarini filial ishchisi orqali olib, fuqaroni ombor mudiri lavozimiga tayinlanishini ta’minlagan.
Keyinroq esa mansabdor shaxs qolgan 15 000 AQSH dollari hamda omborga ko‘mir ortilgan 30 ta vagon yuborgani uchun ulush sifatida 7500 AQSH dollari, jami 22 500 AQSH dollari berishini talab qilib, o‘zining vositachisi bo‘lgan filial ishchisi orqali ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilgan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 211-moddasi (pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Shuningdek, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida aholiga ko‘mir mahsulotlarini o‘z vaqtida va imtiyozli narxlarda yetkazib berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm va Farg‘ona viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi