Nyu-York meri Maduroning olib qochilishini qoraladi

Olam

image

Nyu-York meri Zohran Mamdani AQSH tomonidan Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bo‘yicha o‘tkazilgan operatsiyani “urush harakati” va xalqaro hamda federal qonunlarning buzilishi sifatida baholamoqda. Merning bu haqdagi so‘zlarini CNN keltirdi.

Maduro va uning rafiqasi Karakasda qo‘lga olingan va keyin AQSHga olib ketilgan. Kutilishicha, Venesuela yetakchisi Nyu-Yorkda federal hibsda saqlanadi va u yerda unga nisbatan ayblovlar qo‘yilishi mumkin. Atigi uch kun oldin merlik lavozimiga kirishgan Mamdani operatsiya haqida ham, Maduroni aynan Nyu-Yorkda federal hibsga olish rejalashtirilgani haqida ham oldindan xabardor qilinganini aytgan.

Merning ta’kidlashicha, suveren davlatga nisbatan bir tomonlama hujum urush harakati hisoblanadi va federal hamda xalqaro huquqni qo‘pol ravishda buzadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rejimni almashtirishga qaratilgan bunday urinishlar nafaqat xorijdagi voqealarga, balki bevosita Nyu-York aholisiga, jumladan, bu shaharni o‘z uyi deb biladigan o‘n minglab venesuelaliklarga ham ta’sir qiladi.

Mamdani Tramp bilan telefon orqali gaplashganini va Maduroning hamda uning rafiqasining hibsga olinishi masalasida o‘z noroziligini ochiq bildirganini tasdiqlagan. U bu norozilik rejimni zo‘ravonlik bilan almashtirishga qarshi ekaniga va federal hamda xalqaro huquq buzilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga asoslanganini aytgan. Merning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z pozitsiyasini aniq bayon qilgan va suhbat shu bilan yakunlangan.

Qayd etish joiz, Mamdani saylovoldi kampaniyasi paytida Maduroni “diktator” deb atashdan tiyilgani uchun tanqid qilingan. Keyinchalik, u o‘z pozitsiyasini aniqlashtirib, Maduroni diktator deb hisoblashini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar bergani, Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.

AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda, yaqin vaqt ichida ular AQSH sudida javob beradi.

Hozirda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. U Maduro va uning rafiqasini zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular allaqachon Bruklindagi (Nyu-York) tergov izolyatoriga yetkazilgan.

Keyinchalik, ayblanuvchilar orasida Maduroning o‘zi va rafiqasidan tashqari o‘g‘li – kichik Nikolas Maduro ham borligi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Nikolas Maduro Zohran Mamdani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing