Muzrabotning so‘kong‘ich hokimiga hayfsan berildi

3-sahifa

image
0:00
0:00
download

Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning g‘alla topshirish rejasini bajarmayotgan fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ularni haqorat qilgani va tahqirlovchi munosabatda bo‘lgani haqida audio tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.

“Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish vakolati doirasida Surxondaryo viloyati hokimligiga holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazish hamda huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.

Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.

“Agentlik tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, davlat xizmatida yuksak kasbiy va axloqiy standartlarni qaror toptirish hamda qonun buzilishi holatlariga nisbatan javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash ishlari izchil davom ettiriladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Nurbek Turdiyev yig‘ilishda xodimlarni bo‘ralab haqorat qilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq ushbu hokim o‘rinbosari xodimlarni dam olish kunlarida ishga jalb qilgani uchun 41 million 200 ming so‘m jarimaga tortildi. Shuningdek, xodimlarga nisbatan haqoratli munosabatda bo‘linganligi yuzasidan uning xatti-harakatlarini Odob-axloq komissiyasida ko‘rib chiqish yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdimnoma kiritilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing