Qarshi hokimining so‘kong‘ich o‘rinbosari 41 mln so‘m jarimaga tortildi
Jamiyat
−
12 iyun 5161 2 daqiqa
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Nurbek Turdiyev yig‘ilishda xodimlarni bo‘ralab haqorat qilgani haqida xabar berilgan edi. Ushbu hokim o‘rinbosari xodimlarni dam olish kunlarida ishga jalb qilgani uchun 41 million 200 ming so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan xodimlarni dam olish kunlari ishga jalb qilgani hamda ularga nisbatan haqoratli munosabatda bo‘lingani haqidagi holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda atroflicha o‘rganib chiqilgan.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganligi o‘z tasdig‘ini topgan. Holat yuzasidan Qarshi shahar hokimining birinchi o‘rinbosariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) asosan ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Ma’lum bo‘lishicha, unga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (41 million 200 ming so‘m) miqdorida jarima belgilangan.
Shuningdek, Qarshi shahar hokimining birinchi o‘rinbosari tomonidan xodimlarga nisbatan haqoratli munosabatda bo‘linganligi yuzasidan uning xatti-harakatlarini Odob-axloq komissiyasida ko‘rib chiqish yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimligiga taqdimnoma kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekologiya inspektorining yoqasidan olgan Farg‘ona viloyatining Buvayda tumani hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirovga sud hukmi o‘qilgandi. Sud hukmi bilan unga nisbatan 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari (61 million 800 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Live
Barchasi