Ekologiya inspektorining yoqasidan olgan hokim o‘rinbosariga sud hukmi o‘qildi
3-sahifa
−
09 iyun 14658 3 daqiqa
2025 yilning noyabr oyida Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi inspektori Ahrorjon Niyozovga tuman hokimi o‘rinbosari Saidali Xizirov kuch ishlatib, organ xodimlari yordamida tuman Ichki ishlar bo‘limiga olib ketgandi. Hokim o‘rinbosari mazkur ishi uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Joriy yilning 5 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yozyovon tuman sudida ushbu ish ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 15-16 aprel kunlari Andijon viloyatiga tashrifi vaqtida Buvayda tumanidagi katta yo‘l bo‘yidagi ochiq kollektor tarmoqlarini yopiq drenaj tarmoqlariga o‘tkazish orqali hosil bo‘ladigan yer uchastkalariga zamonaviy savdo va servis ob’ektlarini tashkil etish to‘g‘risida topshiriq berilgan. Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Saidali Xizirov 2025 yil 19 mayda Farg‘ona viloyati hokimi tomonidan qabul qilingan qarorga asosan tumandagi “Nayman” xo‘jaliklararo kollektorning jami 800 metr hududidagi ochiq zovurni yopiq zovurga aylantirish maqsadida tegishli MCHJga texnik xulosa berish uchun 2025 yil 17 sentyabrda Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasi boshlig‘i A.Abdurahimovga tavsiya xati kiritgan.
Shunga ko‘ra, Saidali Xizirov 2025 yil 25 noyabr kuni soat 12:00 larda 2025 yil 14 oktyabrda Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyasi tomonidan chiqish xatiga asosan MCHJga Buvayda tumanida, “Nayman” MFY hududidan oqib o‘tuvchi “Nayman” kollektorining jami 800 metr hududida ochiq zovurni yopiq yotiq zovurga aylantirib, hosil bo‘lgan yer maydonida mukammal qurilish qilmaslik sharti asosida tuman melioratsiya bo‘limi bilan shartnoma tuzgan holda tadbirkorlik faoliyatini yuritishi belgilangan. Shuningdek, kollektor yon bag‘ridagi mavjud turli yoshdagi daraxtlarni kesish yoki boshqa joyga ko‘chirishga mahalliy ekologiya boshqarmalaridan ruxsatnoma va texnik shart olishi tavsiya etilgan. Saidali Xizirov shuni bilgan bo‘lsa-da, bunga befarq bo‘lib, mansab vakolati doirasidan qasddan chetga chiqqan holda, zovur atrofidagi 104 tup tol daraxti MCHJ tomonidan kesilayotganligiga hudud aholisi tomonidan qarshilik qilinayotgandan xabar topib, ishchining qo‘lidagi motorli arrani olib qo‘ymoqchi bo‘layotgan Ekologiya va atrofni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Buvayda tuman bo‘limi inspektorining qonuniy harakatlarini qat’iy ravishda cheklashga harakat qilgan. Xususan, uning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatib, zovur qirg‘og‘idagi mavjud daraxtlarni kesish uchun jamiyat tomonidan tegishli ruxsatnoma olinmaganligini bilgan bo‘lsa-da, inspektorning egnidagi kurtkasi yoqasidan tortib, uning xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan va yengil jarohati yetkazgan. Bundn tashqari, 104 tup manzarali tol daraxtini kestirib yuborib, o‘simlik dunyosiga umumiy miqdorda 171 mln so‘mlik zarar yetkazgan.
Shu tariqa, Saidali Xizirov Jinoyat kodeksining 206-moddasi 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari (61 million 800 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Mazkur ish doirasidagi MCHJ rahbari esa, Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi (ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan aybli deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari (41 million 200 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Jabrlanuvchi sudlanuvchilarga nisbatan og‘irroq jazo tayinlashni so‘rab, apellyatsiya shikoyati kiritgan. Ammo joriy yilning 3 iyun kungi Farg‘ona viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyatsiya instansiyasining ajrimi bilan hukm o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Live
Barchasi