Mo‘g‘uliston bosh vaziri “erkatoy” o‘g‘li sabab iste’foga chiqarildi
Olam
−
05 iyun 9729 2 daqiqa
Mo‘g‘uliston poytaxtida ikki hafta davomida bosh vazir iste’fosini talab qilib o‘tkazilgan norozilik namoyishlari ortidan ushbu lavozim egasi Luvsannamsrayna Oyuun-Erdene o‘rnini bo‘shatishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Mo‘g‘uliston parlamentining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Parlamentning yig‘ilish bayonnomasiga ko‘ra, joriy yilning 3 iyun kuni mamlakat bosh vaziri Luvsannamsrayna Oyuun-Erdene ishonch votumida muvaffaqiyatsizlikka uchragan – u zarur bo‘lgan 64 ta ovoz o‘rniga atigi 44 ta ovoz olgan.
Ishonch rezolyutsiyasi tasdiqlanmagani sababli, Mo‘g‘uliston bosh vazirining iste’fosi masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilingan. Qarorga ko‘ra, Oyun-Erdenega yangi bosh vazir tayinlangunga qadar o‘z vazifasini bajarishda davom etish topshirilgan.
“The Guardian” nashrining mahalliy OAVga tayanib yozishicha, parlamentdagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng bosh vazir iste’foga chiqqan. Mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi bu ma’lumotni nashr muxbirlariga tasdiqlagan.
CNN’ga ko‘ra, ishonch rezolyutsiyasi bosh vazirning ikki haftalik norozilik namoyishlaridan so‘ng obro‘sini tiklashga urinish bo‘lgan. Ushbu noroziliklarda, asosan, mamlakatning yosh fuqarolari ishtirok etgan.
Bosh vazirni hokimiyatdan chetlatishga sabab bo‘lgan holatni uning 23 yoshli o‘g‘li Temuulen va kelini Ugumuur keltirib chiqargan. Joriy yil may oyining o‘rtalarida Mo‘g‘ulistonda internet bo‘ylab Ugumuurning Instagram sahifasidan olingan suratlar virusdek tarqaldi. U suratlarda Ugumuur 5 ming dollardan oshiq turadigan bleyzerni kiygani, 50 ming dollarlik avtomobilni haydayotgani, 5 ming dollarlik sumka ko‘tarib turgani, qimmatbaho do‘konlarning paketlari bilan turgani, hashamatli unashtiruv uzugi taqqani va vertolyotda sayr qilayotgani aks etgan.
Bosh vazir devoni moliyaviy firibgarlik haqidagi ayblovlarni “mutlaqo asossiz” deb ataganiga qaramay, norozilar ikki hafta davomida deyarli har kuni poytaxt Ulan-Batordagi Hukumat saroyi oldidagi markaziy maydonga to‘planib, Oyun-Erdenening lavozimdan ketishini talab qilgan. Yakunda esa ushbu holat Oyuun-Erdenening iste’foga chiqishiga sabab bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shunga o‘xshash holat Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Yun Sok Yol va uning rafiqasi Kim Keon Xi bilan sodir bo‘lgan edi. Xususan, 2023 yil oxirida “Voice of Seul” YouTube kanalida yashirin kamera orqali olingan video e’lon qilingan. Unda Kim 2022 yil sentyabr oyida 3 million von (2200 dollar) miqdoridagi Dior sumkasini qabul qilgani aks etgan. Ushbu holat odamlar orasida noroziliklarga sabab bo‘lgandan so‘ng Yun Sok Yol uzr so‘rab chiqqandi.
Live
Barchasi