Sog‘lig‘i og‘irlashgan Mubashshir Ahmad, mardikordek ishlatilayotgan o‘qituvchilar, Yangi yilning birinchi poraxo‘ri – Hafta tahlili

Tahlil

Qamoqda saqlanayotgan diniy olim va bloger Mubashshir Ahmadning salomatligidan shikoyat qilindi. Ombdusman esa uning saqlanish va mehnat sharoitlaridan nolimasligini aytdi. Qariyb 20 ming kishini Umra ziyoratiga noqonuniy yuborganlar ushlandi. Payg‘ambarni haqorat qilgan shaxs 12 kunga qamaldi. Samarqandlik ayol yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini hojatxonaning axlat qutisiga tashlab ketdi. Humans’dan yechib olingan pullarni kim qaytaradi? Markaziy bank tilga kirdi. Shu va boshqa voqealar tafsiloti bilan Hafta voqealari tahlilining navbatdagi soni 

Mubashshir Ahmad qamoqda og‘ir ahvolda(mi?)

Diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning advokati Abdulloh Sodiq olim Navoiydagi 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida salomatligi bilan bog‘liq jiddiy muammolarga qaramay, og‘ir sharoitda saqlanayotganini xabar qildi. 

Unga ko‘ra, 2025 yilning 26 noyabr kuni advokatlar Tursunov bilan uchrashgan vaqtida, mahkumning qon bosimi bir necha marotaba oshgani, qandli diabet kasalligi oqibatida buyraklari yaxshi ishlamayotgani, oyoqlari shishib ketgani va boshqa shu kabi hamroh kasalliklari sog‘lig‘i va hayotiga jiddiy xavf tug‘dirayotgani ma’lum bo‘lgan. 

Qolaversa, ushbu fakt advokatlar tomonidan berilgan advokatlik so‘roviga javoban 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasi boshlig‘i Mamatnazarov imzolagan xatda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Ya’ni, xatda aytilishicha, mahkum 5 noyabrdan buyon Qandli diabet II tip, Chap oyoq artrozi, Yuqori nafas yo‘llari katari, O‘ng oyoq I barmoq panaritsiyasi, Qandli diabet II tip insulinga muhtoj turi, Yurak Ishemik kasalligi bo‘yicha davo muolajalarini olib kelgan. 

26 dekabr kuni advokatlar Mubashshir Ahmad bilan takroran uchrashganda, u xatda ko‘rsatilgan muolajalarning birortasini olmagani, uni faqat tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgani, lekin yotqizib davolashmagani, dori vositalari bilan ta’minlanmagani, oddiy dam olishga ham ruxsat yo‘qligini aytgan.

Biroq, advokatlar ikki marotaba IIV JIEDga murojaat bilan borganda, departament boshlig‘i o‘rinbosari va tibbiy xizmat boshlig‘i tomonidan mahkum bir necha marotaba tibbiy punktda davo muolajalari olgani, bugungi kunda ham davolanayotgani, sog‘lig‘i yaxshi holatda ekani, shu sababli ishga olib chiqilayotgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot taqdim etilgan.

Qolaversa, advokat jazoni o‘tash davomida Tursunov Qiziltepa tumanida joylashgan g‘isht zavodlarining birida majburiy tarzda ishlashga chiqarilayotganini, 16 soatlab tik oyoqda ishlashga va yurishga majburlanayotganini aytdi. Mubashshir Ahmad oyoqlari shishgan hamda oyog‘idagi yaralar qorayib, gangrena kasalligiga qarab ketayotgan, bir so‘z bilan aytganda, ahvoli kritik darajada bo‘lsa-da, davolanishga ruxsat yo‘qligini, faqat ishga chiq, deb majburlashlarini bildirgan.

Shuningdek, u 2026 yilning 11 martida qonun bo‘yicha jazoning 3/1 qismini o‘tab bo‘lgani sababli manzil-koloniyaga o‘tkazilishi kerakligi, lekin turli tazyiqlar o‘tkazilib, arzimas narsa bilan qoidabuzarlik rasmiylashtirib, manzil koloniyaga o‘tkazilishini kechiktirishga harakat bo‘lishi mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.

Mubashshir Ahmadning qamoqxonada saqlanish sharoiti faollarning muhokamasiga sabab bo‘lgach, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Mubashshir Ahmad saqlanayotgan koloniyaga borib, o‘rganish o‘tkazdi. 

Olim bilan uchrashuvda u koloniyada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligi, muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotgani, faqat avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganini aytdi, deb xabar berdi Ombudsman.

Shuningdek, mahkum muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilgani, oshxonada ishlayotgani hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari, ortiqcha mehnat qilmayotgani, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytgan. 

Ombudsmanning o‘rganish bo‘yicha bayonotidan keyin Mubashshir Ahmadning yaqinlari, xususan advokati hech qanday javob bilan chiqqani yo‘q. 

Eslatib o‘tish o‘rinli, 2025 yilning 8 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi hukmi bilan Mubashshir Ahmad Jinoyat kodeksining 156-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish) 2-qismi, 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llagan holda 59- (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61- (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 2 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Payg‘ambarni haqorat qilgan shaxs 12 kunga qamaldi

Ijtimoiy tarmoqlarda noma’lum shaxs tomonidan Muhammad (s.a.v.) haqorat qilingani haqidagi xabarlar keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. 

Gap shundaki, 2025 yil 30 dekabr kuni 2004 yilda tug‘ilgan shaxs internet ijtimoiy tarmog‘idagi o‘ziga tegishli profil orqali Telegram kanallaridan birining izoh qismida diniy adovatni targ‘ib qiluvchi ma’lumotni tarqatgani aniqlangan.

Mazkur holat bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida shaxsning harakatlariga qonuniy baho berilib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 184³-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, qonuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudining qarori bilan u 12 sutkaga qamalgan.

20 ming kishini Umraga yuborgan kishi qo‘lga olindi

O‘zbekistonda 19 ming 547 nafar fuqaroni Umraga noqonuniy yuborganlar ushlandi. Ular 2 yil davomida fuqarolardan 22 mln 846 ming 590 AQSH dollar miqdorida naqd pullar olgan. 

Qayd etilishicha, olib borilgan tergov-surishtiruv harakatlari davomida 1984 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan ayol “Jalolquduq Aviatrans” MCHJda norasmiy tur agent vazifasini bajarib, jami 19 ming 547 nafar fuqaroni jalb qilib, noqonuniy Umra tadbirini tashkil etgani aniqlangan.

“Jalolquduq Aviatrans” MCHJ tomonidan 2024-2025 yillar davomida fuqarolardan 22 mln 846 ming 590 AQSH dollar miqdoridagi naqd pullar olingan. Davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan jami zarar 1 mlrd 819 mln 974 ming 385 so‘m, soliq va boshqa yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlaganlik holati bo‘yicha jami 15 mlrd 363 mln 219 ming 26 so‘m hisoblangan. Tashkilot tomonidan Saudiya Arabistoniga yuborilib, og‘ir ahvolda hech qanday sharoitlarsiz qolib ketgan jami 534 nafar fuqaro maxsus reyslar orqali O‘zbekistonga olib kelingan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti tomonidan 14 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zatilib, 13 nafar shaxs qo‘lga olingan.

1000 dollarlik mardikorlar

Ko‘p aytganman, yana aytaman. Men o‘qituvchining bolasiman. Onam 18 yil maktab direktori bo‘lganlar va hech bir bayramni uyda, oila davrasida nishonlamaganlar, hatto, o‘qituvchilar kunini ham. Yangi yilni-ku aytmay, har yilning sentyabrdan paxta, oktyabrdan qishga tayyorgarlik uchun shtab, noyabrdan paqildoqlarga qarshi kurash, dekabrdan to yanvarning 15 larigacha maktabni tashqi kuchlar tajovuzidan qo‘riqlash... Bahor, yoz va kuzda esa o‘qituvchining qo‘lidan supirgi tushmagan, maktabning hovlisini chinnidek yarqiratgan, yalagudek bo‘lib tozalagan o‘qituvchilarga muhim idoralarning atrofi, kattakonlar o‘tadigan ko‘chalarni ham tozalashdek faxrli vazifa topshirilgan. O‘qituvchilar buni ham bepul, maqtov va manfaatdan xoli bajargan. Men bir necha bayramlar tunini onam bilan maktabda o‘tkazgan, tuni bilan diydirab chiqqan, ertasiga otamdan malomatga qolib, yana ishga, darsga ketgan o‘qituvchining o‘g‘liman. Men o‘quvchi yashaydigan ko‘p qavatli uy aholisining Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati ustidan hokimiyatga qilgan shikoyati ortidan hammol sifatida pod’ezdni ta’mirlagani va tozalagani yuborilgan maktab direktorining o‘g‘liman, men Toshkentdagi katta qurilishlar, Hazrati imom, O‘zbekiston Anjumanlar saroyida haftalab mardikorlik qilgan o‘qituvchilarning nolasi, ichidan tashqariga chiqmagan faryodiman. O‘sha menman. Ko‘zi bilan ko‘rgan, onasiga qo‘shilib latta tutgan. Men aytgan binolarda qo‘llarimning izi bor.

Hozir bunday holatlar yo‘q, deb o‘ylardim. Bor ekan. Hayratdan yoqa ushladim. Aytilgan gaplar, islohot, deganlari o‘qituvchiga kelganda barham topibdi, degan xayolga bordim. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi 37-maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani haqida xabarlar, o‘qituvchilarning navbatchilikda turganini isbotlovchi video tarqaldi. Unda o‘qituvchilar yuqoridan kelgan buyruqqa ko‘ra navbatchilikda turganini aytgan.

Ushbu video va topshriq muhokamalarga sabab bo‘lgach, kaltak yana bechora direktorning boshida sindi. Nima emish, bu topshiriq tashabbuskori direktormish, hamma narsaga u aybdor emish. U tungi navbatchilikka majburlaganmish. Bu gapni uncha-buncha odam emas, naq Farg‘ona viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi aytib chiqdi. Bundanam beo‘xshov bo‘ladimi, ayting. Oddiy maktab direktoridan xalq dushmani yasaldi, u lavozimidan ozod etildi. 

Hammasi shu bilan tugadi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q! Aslida, topshiriq yuqoridan berilgani o‘rtaga chiqdi. Navbatchilik faqat Farg‘onaning Buvayda tumanidagi 37-maktabda emas, butun respublika maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tashkil etilgan ko‘rinadi. Boisi, ijtimoiy tarmoqda Surxondaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Mamadiyev imzolagan xat surati tarqaldi. U Termiz shahar va barcha tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari hamda boshqarma tasarrufidagi barcha ta’lim muassasalari rahbarlariga yo‘llangan bo‘lib, unda 2025 yil 26 dekabrdan 2026 yil 6 yanvargacha 24 soat uzluksiz navbatchilik va hududiy shtablar faoliyatini tashkil etish kerakligi yozilgan. Va bu topshiriq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025 yil 23 dekabrdagi xati ijrosi uchun yuborilayotgani aytilgan. 

QALAMPIR.UZ’da vazirlikning ushbu xati va unda navbatchilik hamda hududiy shtablar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nima deyilgani haqida ma’lumot mavjud emas. 

Shuningdek, viloyat boshqarma boshlig‘ining topshirig‘ida 24 soatlik uzluksiz navbatchilik Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 20 dekabrdagi “Yangi yil bayramini yuqori darajada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayonining 28-bandiga muvofiq tashkil etilayotganini qayd etgan. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, o‘qituvchilarni yana navbatchilikka majburlashning bosh tashabbuskori Vazirlar Mahkamasining o‘zi. Bu yerda direktor shunchaki qurbon. Boshqarma boshliqlariyu vazirlikning xati vosita, xolos. Ammo, boyagi Vazirlar Mahkamasining 245-sonli bayoni qo‘limizda yo‘q. Uni Vazirlar Mahkamasi saytidan ham, qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasidan ham topish imkoni bo‘lmadi.

Ish boshida vazirlik va Vazirlar Mahkamasining o‘zi turgani muhokamalarga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, vazirlik ham, Hukumat ham jim, bu masalada miq etmayapti, go‘yo bu holat sodir bo‘lmadi, ular ko‘rmadi, eshitmadi. Hech kim o‘qituvchilarga birdamligini izhor etmadi. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini o‘rganish bo‘yicha bosh organ hisoblangan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ham chuqur sukutda. Yo ular vazifasini unutgan, yo hali bu masalani o‘rganishi kerakligi bo‘yicha topshiriq berilmagan.   

Yodingizda bo‘lsa, 2018 yilning 13-14 mart kunlari Samarqandning Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 98 ta maktab va 12 ta kasb-xunar kolleji o‘qituvchi va texnik xodimlari jami uzunligi 14 km bo‘lgan M-37 “Samarqand-Buxoro” avtomobil yo‘lining qatnov qismi va atroflarida obodonlashtirish ishlarini bajarishga noqonuniy ravishda jalb qilingan edi. O‘shanda “Alijon” mahallasi hududidan o‘tuvchi yo‘lning 66 kilometrida “KAMAZ” yuk mashinasi beton to‘siqlari atrofini tozalayotgan 42-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Diana Aleksandrovna Yenikeyevani urib yuborgan va u olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etgan. Jamoatchilik kekin e’tiroz bildirdi, ijtimoiy tarmoqda tanqid tinmadi. O‘sha kundan boshlab o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishga qarshi kurash boshlandi. Albatta, orada majburiy mehnatga oid ayrim holatlar kuzatildi, lekin ular bo‘yicha topshiriq yuqoridan emas, o‘rta darajadagi rahbarlar tomonidan berilgani uchun umumiy islohotlarga soya solmadi. Chunki o‘sha vaqtdagi vazir Shermatovning o‘zi o‘qituvchilarga nisbatan majburiy mehnatni nazoratiga olgandi, damba-dam chiqish qilardi, o‘qituvchilarga huquqlarini eng avvalo o‘zlari himoya qilishlari kerakligini o‘rgatardi. 

Xo‘sh, endi nima bo‘ldi? Islohotlar davom etishi, o‘qituvchining huquqi yana o‘ziga qaytishi, yana tekin mardikor bo‘lmasligi uchun yana qaysidir muallim majburiy mehnat vaqtida vafot etib, bolalari yetim qolishi kerakmi? 

Uchtepa hokimligi xodim 3 ming bilan qo‘lga tushdi

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil yakunida Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yil Korrupsiyaga qarshi kurash borasida favqulodda yil bo‘lishi, barcha idoralarda komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazoratga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etilishini, komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanishi va javobgarlikka tortilishini aytgan edi. Yilning birinchi korrupsioneri nomi ma’lum bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, aslida korrupsiyaga yo‘l urayotganlar hamon to‘lib yotgan bo‘lsa-da, birinchi shov-shuvli holat ko‘zga tashlandi. 

DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Uchtepa tumani hokimligining Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi noqonuniy ravishda tadbirkordan 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hokimiyat vakili go‘yoki joriy yilda Uchtepa tumani hududida buzilishi lozim bo‘lgan savdo do‘konlari va boshqa manzillar ro‘yxati tuzilayotganini ro‘kach qilib, tadbirkorga tegishli do‘konni tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali mazkur ro‘yxatga kiritmaslik hamda buzdirmaslik evaziga ushbu pul mablag‘ini talab qilgan.

Bildirilishicha, hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayol chaqalog‘ini axlat qutiga tashlab ketdi

Samarqand viloyatining Payariq tumanida ayol tug‘ruqxona oldida chaqalog‘ini dunyoga keltirib, hojatxonaning chiqindi qutisiga tashlab ketdi. 

Boshqarmaga ko‘ra, holat o‘tgan yilning 27 dekabr kuni  Payariq tumanidagi tug‘ruqxonada sodir bo‘lgan. Chaqaloq topilgach, uning nafas olmayotgani va o‘lik holda ekani aniqlangan, lekin u onasi tomonidan o‘ldirilganmi yoki yo‘q, bu hali noma’lum. 

IIBga ko‘ra, ayni paytda ish bo‘yicha ekspertiza tayinlangan. Bolaning tirik tug‘ilgani yoki homila nobud bo‘lib keyin tug‘ilgani ushbu ekspertizadan so‘ng ma’lum bo‘ladi. 

Ichki ishlar organlarining QALAMPIR.UZ'ga xabar berishicha, chaqaloqning onasi topilgan. 

“Ekspertiza natijalari e’lon qilinmagani uchun ayni damda ayol protsessual tartibda qo‘lga olinmagan. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qo‘lga olish masalasi ham ushbu ekspertiza xulosasidan keyin amalga oshiriladi”, dedi viloyat IIB axborot xizmati vakili.

QALAMPIR.UZ holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan ham bog‘landi. SSV vakili bu voqea bo‘yicha hech qanday ma’lumot taqdim eta olmasligi, prokuratura ish bo‘yicha o‘rganish olib borayotgani va bunda shifokorlarning hech qanday aybi yo‘qligini aytdi.

Hali tasdig‘ini topmagan ma’lumotlarga ko‘ra, 4 oy oldin turmushga chiqqan kelin 27 dekabr kuni tug‘uruqxonaga qaynonasi bilan birga borib, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilgan, shu bilan birga to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan qat’iyan bosh tortgan.Bemorning harakatlari shifokorni xavotirga solib, uni ultratovush tekshiruvidan o‘tkazmoqchi bo‘lishgan, biroq ayol bu tekshiruvdan ham bosh tortgan.

Shundan so‘ng, ayol hamshira hamrohligida muolaja xonasiga yuborilgan. Ayol u yerda o‘zini yolg‘iz qoldirishlarini so‘ragan. Biroz vaqt o‘tgach, xodimlar axlat chelagida yangi tug‘ilgan chaqaloq jasadini topgan.

Bemorning shaxsi videokuzatuv kameralari yordamida zudlik bilan aniqlangan. Dastlab u bunga aloqadorligini rad etgan, biroq keyingi tibbiy tekshiruvlar tug‘ruq faktini tasdiqlagan.

To‘ng‘iz o‘rniga do‘stini otib qo‘ydi

2025 yilning 5 oktyabr kuni Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida 32 yoshli erkak ov miltig‘i bilan o‘zi bilan birga ov qilish uchun chiqqan do‘stini otib qo‘ydi. 

Samarqand viloyatining Ishtixon tumanidan bo‘lgan fuqaro 5 oktyabr kuni 3 nafar tanishi bilan ov qilish maqsadida Mirzacho‘l tumani, “Gulzor” MFY hududida joylashgan fermer xo‘jaligi maydoniga borgan.

Shu kuni ular soat taxminan 22:30 larda yovvoyi cho‘chqani ov quroli yordamida otib, ushlamoqchi bo‘lgan. Boyagi 32 yashar erkak qamishlar orasidan chiqib kelayotgan tanishinini yovvoyi cho‘chqa deb o‘ylab, ov quroli bilan otib qo‘ygan. Jabrlangan shaxs shifoxonada vafot etgan.

2025 yil 5 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Unda sudlanuvchi ko‘rsatma berib, aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. 

Sud majlisida marhumning otasi ham ko‘rsatma berib, o‘g‘lining o‘limiga sababchi bo‘lgan do‘stiga suddan yengillik va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 102-moddasi (ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga shu modda bilan Jinoyat kodeksining 45-moddasi (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llanib, 1 yil muddatga ov qilish huquqidan mahrum qilingan hamda ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 6 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Humans’dan o‘marilgan pullarni kim qaytaradi?

Yodingizda bo‘lsa, o‘tgan yilning 8-9 dekabr kunlari Humans ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda pul yechib olindi. Oradan bir kun o‘tib, 10 dekabrda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank arizasiga binoan Humans kompaniyasini bankrot deb topgani va uning faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish jarayoni boshlangani ma’lum bo‘ldi. Holbuki, Humans kompaniyasini bankrort deb topish haqidagi sud qarori 14 oktyabr kuni qabul qilingan bo‘lsa-da, ikki oy davomida bu haqda aholi ogohlantirilmagan. 

Sud hujjatlarida aytilishicha, joriy yil iyun oyida Octobank Humans moliyaviy xizmatini o‘z tizimidan uzganini ma’lum qilgan. 13 iyundan boshlab Visa hamkor kartalariga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilgan. Bank Humans kompaniyasidan 500 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorlikni undirish va yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan.

Humans holat bo‘yicha izoh berib, pullar 4-8 dekabr kunlari firibgarlar tomonidan yechib olinganini bildirgan. Bunda kompaniyaning aybi yo‘qligi, balki muammo Paylov xizmatida texnik xatoga yo‘l qo‘yilgani ortidan kelib chiqqani aytildi. Paylov esa mazkur munosabatga qarshi javob berib, firibgarlik operatsiyalari aynan Humans tomonidan amalga oshirilganini aytgan. 

Bir oydan buyon odamlarni bir savol qiynaydi? Sud qarori haqida jamoatchilikka o‘z vaqtida axborot berilmagan. Firibgarlik yo‘li bilan yechib olingan pullarning umumiy miqdori qancha va ular egalariga qachon, qay tartibda qaytariladi? Bunda nega Markaziy bank bor muvofiqlashtiruvchi organ sifatida barcha javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmayapti? 

Markaziy bank odamlarni qiynayotgan ushbu savollarga nisbatan tugayotgan haftada tilga kirdi. 

“Humans” MCHJ to‘lov xizmatlarini taqdim etgan “Octagram” AJ, ya’ni Paylov to‘lov tashkilotida Markaziy bankning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, tekshiruv o‘tkazilgan. 

“Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rish uchun taqdim etilgan. Ayni paytda esa Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda. Mazkur holat bo‘yicha fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari so‘raladi”, deyiladi Markaziy Bank bayonotida
 


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent IIV DXX Samarqand Ombudsman tug'ruqxona Ayol Mubashshir Ahmad Sud qarori Humans mardikorlar chaqalog'ini axlat quti To'ng'iz o'rniga do'sti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing