Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi GM Uzbekistan’ga dakki berdi
Jamiyat
−
11 aprel 2019
7429O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi iste’molchilarning murojaatlariga asosan 2018 yilning noyabr oyidana boshlab, realizatsiya qilingan avtomashinalar komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar holatlari aniqlash bilan shug‘ullanishni boshlagan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etilishi ustidan alohida nazorat o‘rnatgan.
O‘rganishlardan so‘ng, Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasi monopol mavqega ega GM Uzbekistan’ning tutgan pozitsiyasi, uning korporativ madaniyati va qadriyatlariga nisbatan bir qancha savollarni yuzaga keltirmoqda, deb bayonot berdi .
Ma’lumki, avtomobil ishlab chiqarish industriyasida faoliyat yuritayotgan global kompaniyalar odatda kamchiliklar aniqlanganda sotuvga chiqarilgan avtomobillarni ommaviy tarzda qaytarib oladilar va zudlik bilan nuqsonlarni bartaraf etadilar. Eng asosiysi, ularning biznes yuritish ananalariga ko‘ra ular iste’molchilar va mijozlardan oshkora ommaviy tarzda uzr so‘raydilar (misol uchun, Toyota, Volkswagen va boshqa kompaniyalar). Bu esa, ushbu kompaniyalarda yuqori korporativ madaniyat, biznes-etikasi va ijtimoiy javobgarlik standartlari joriy etilganligidan dalolat beradi.
Biroq, GM Uzbekistan AJni xatti-harakatlarida quyidagini kuzatish mumkin.
Xususan, komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar mavjud bo‘lgan avtomashinalar ommaviy tarzda qaytarib olinmagan yoki yetishmovchilik to‘g‘risida tegishli tartibda e’lon qilinmagan, ushbu vaziyat bo‘yicha ko‘p holatlarda iste’molchilarga tegishli tarzda ma’lumotlar berilmagan, ularni bartaraf etish uchun qulayliklar yaratilmagan, masalan, Toshkent viloyatining Bekobod (uzoqlik – 150 km), Bo‘ka (80 km), Chirchiq shaharlarida (100 km) avtomobil xarid qilgan iste’molchilar tumanga qarshi yoritgich o‘rnatish uchun Chinoz tumaniga kelishga majbur bo‘lganlar, kamchilikni bartaraf etish muddatlari cho‘zib yuborilgan. Shuningdek, alohida holatlarda 2018 yilning oktyabr oyida sotib olingan avtomobillarga bugungi kunga (6 oy o‘tgan) qadar komplektatsiyani butlash ishi amalga oshirilmagan.
Yuqorida keltirilgan holatlar, bozorda muayyan xo‘jalik yurituvchining monopol mavqei vujudga kelishi uning iste’molchilar oldidagi mas’uliyati pasayishini keltirib chiqarishiga yana bir bor dalil bo‘lmoqda.
Qayd etilishicha, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bundan keyin ham shunga o‘xshash holatlarni aniqlashni va ularni qonunchilikda ko‘zda tutilgan barcha vositalar orqali bataraf etish bo‘yicha ishlarni va bu bilan iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilishni ta’minlashni davom ettiradi.
Ushbu maqsadda, iste’molchilarning murojaatlari uchun maxsus telefon liniyasi tashkil qilingan: (71) 241 76 17, elektron manzil: info@antimon.gov.uz
LiveBarchasi