Mobil ilovalarda firibgarlikka qarshi talablar kuchaytirildi
Jamiyat
−
21 yanvar 1525 2 daqiqa
O‘zbekistonda pul bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatuvchi mobil ilovalarda onlayn firibgarlikka qarshi talablar kuchaytirilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda bugun, 21 yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan “Kredit va to‘lov tashkilotlari, to‘lov tizimi operatorlari tomonidan jismoniy shaxslarga masofadan moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda frod holatlarining oldini olish bo‘yicha minimal talablar to‘g‘risida”gi nizomda so‘z boradi.
Nizomga ko‘ra, mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi akkauntiga faqat ushbu shaxs yoki yaqin qarindoshlariga tegishli bo‘lgan bank hisobvarag‘i, bank kartasi va elektron hamyonlarni biriktirishi hamda ushbu akkaunt orqali P2P o‘tkazmalarini amalga oshirishi mumkin.
Foydalanuvchining telefon raqami va JSHSHIRi mos kelishi tekshiriladi hamda moslik aniqlanmaganda mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazish va bank kartasini biriktirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kredit va to‘lov tashkilotlari foydalanuvchilarni biometrik identifikatsiyadan o‘tkazishda hayotiylik faktorlarini aniqlashi shart, ya’ni rasm orqali identifikatsiya qilish mumkin bo‘lmaydi.
Telefonga yuborilgan 1 martalik SMS-xabar 3 marotaba noto‘g‘ri kiritilganda, foydalanuvchining mobil ilovadagi harakatlari 15 daqiqa davomida vaqtincha cheklanadi.
Mobil ilovadagi akkauntga boshqa qurilmadan kirish yoki uning parolini qayta tiklashda ushbu akkauntga bog‘langan barcha bank kartalari mobil ilovadan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.
Shuningdek, ushbu qurilmada bank kartalari bo‘yicha moliyaviy operatsiyalar tarixi o‘chirib yuboriladi.
Bunda, bank kartalarini biriktirish biometrik identifikatsiyadan o‘tkazilgan holda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu nizom bilan O‘zbekistonda onlayn kredit olishda firibgarlikka uchragan fuqarolardan kreditni undirish to‘xatilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi