Mirziyoyev o‘qituvchi va murabbiylarga mukofotlarni topshirdi
Jamiyat
−
15 Sentabr 6154 1 daqiqa
Bugun, 15 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda qatnashgan Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida o‘z hayotini yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek eng ulug‘ ishga bag‘ishlab kelayotgan barcha muallimlarni tabriklab, ularga chuqur hurmat-ehtiromini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil, 11 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlangan edi. Ular orasida o‘z mablag‘i hisobidan maktablar qurgan saxiy tadbirkorlar, ta’limdagi ilg‘or yutuqlarni joriy qilishga ko‘maklashayotgan xorijiy hamkorlar ham bor.

Marosimda ana shu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
“Men ko‘plab soha vakillariga unvon, orden va medallar beraman. Lekin ustozlar mukofotlanadigan kunni sog‘inib kutaman. Ko‘ksingizni bezab turgan orden-medallar muborak bo‘lsin. Yurtimizda yuksak mukofotlarga munosib fidoyi muallimlar ko‘paysin”, dedi Prezident.
Taqdirlanganlar nomidan so‘zga chiqqanlar ta’lim sohasiga e’tibori, ustoz zotiga yuksak hurmati uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik izhor etdi.
Live
Barchasi