Kurs UZS

USD

12 973.31

12.93

EUR

14 329.02

176.29

RUB

151.19

-0.73

Mirziyoyev Guterrishning o‘rinbosarlarini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 4 aprel kuni Samarqand iqlim forumi doirasida BMT Bosh kotibi o‘rinbosarlarini alohida qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan bilan suhbat avvalida yuqori martabali mehmon davlat rahbariga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi

Davlat rahbari komissiyaning 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishdagi muhim o‘rnini, shuningdek, transport, innovatsiyalar, to‘qimachilik, energetika, ekologiya va gender tenglik sohalarida, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi masalalarida ko‘rsatilayotgan ekspertlik ko‘magini alohida qayd etdi.

Mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2023 yil noyabr oyida Baku shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida bildirilgan tashabbuslarni amaliy ilgari surish jihatlari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomonining taklifiga binoan SPEKAning 2030 yilgacha rivojlanish konsepsiyasi qabul qilingani, YeIK bilan savdo tartib-taomillarini soddalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangani, Transkaspiy yo‘lagi doirasida raqamlashtirish va hujjatlar almashinuvi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Yil boshida komissiya ko‘magida O‘zbekiston Aholining ekologiya holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotdan foydalanishi to‘g‘risidagi Orxus konvensiyasiga qo‘shildi. Havo konvensiyasi va Sanoat avariyalarining transchegaraviy ta’siri to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish masalasi ishlab chiqilmoqda. SPEKA dasturining Maqsadli jamg‘armasini tez fursatda ishga tushirish muhim ekani ta’kidlandi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMTning aholi punktlari bo‘yicha dasturi (BMT-Xabitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax uchrashuvda esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu nufuzli instituti bilan shaharlarni barqaror rivojlantirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirish borasida ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

BMTning yuqori darajali vakili O‘zbekistonda “aqlli” va “yashil” shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholi uchun qulay muhit yaratishga qaratilgan urbanizatsiya sohasidagi islohotlarni ijobiy baholadi. Shaharlarni boshqarishga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy qilish, “yashil” qurilish standartlarini ishlab chiqish, shahar muhitida iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha maxsus dasturni ishga tushirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

O‘zbekistonda Butunjahon tozalik kunini o‘tkazish va Toshkentda tashkilot ofisini ochish masalalari ko‘rib chiqildi. Amaliy hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi.

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav bilan uchrashuvda O‘zbekiston va mintaqada cho‘llanish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish sohasida BMTning ushbu nufuzli tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

BMT vakili O‘zbekiston rahbarining forumdagi nutqini yuqori baholab, iqlim tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslarning dolzarbligi va Markaziy Osiyoning "yashil" taraqqiyot konsepsiyasi o‘z vaqtida taqdim etilganini ta’kidladi.

O‘tgan yil avgust oyida BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan o‘rmonlarni tiklash bo‘yicha rezolyutsiyani bir ovozdan ma’qullagani, shuningdek, yerlar degradatsiyasining oldini olish bo‘yicha milliy maqsadlarni ishlab chiqish boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Toshkent shahridagi “Yashil” universitet negizida Yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro ilmiy tarmoqni tashkil etishga Konvensiya ekspertlari jalb qilinishi belgilandi.

Ma’lumot uchun, bugun, 4 aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumi bo‘lib o‘tdi. Forum ishida Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki rahbari Odil Reno-Basso, Yevropa iqtisodiy komissiyasi ijrochi kotibi Tatyana Molchan, Aholi punktlari bo‘yicha dastur ijrochi direktori Anaukladiya Rossbax, Cho‘llanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiav va boshqalar ishtirok etdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham forum ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. Ishtirokchilar orasida 2 mingdan ortiq xorijiy mehmonlar, jumladan, milliy va global ekologik tashkilotlar, xalqaro tuzilmalar rahbarlari, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar, biznes vakillari bor.

Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, “yashil” iqtisodiy taraqqiyot va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Tat'yana Molchan Samarqand iqlim forumi Samarqand sammiti Anaklaudiya Rossbax Ibrohim Tiav

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing