O‘zbekistonda har oyning bitta shanba va yakshanbasi sayohatga chiqish kuni bo‘ladi
Jamiyat
−
09 aprel
9358O‘zbekistonda har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilinadi. Bu haqda bugun, 9 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ichki turizmga e’tibor tufayli mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetgan. 2017 yilda ular 5 millionta edi. Lekin haligacha Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzga bormagan oilalar ko‘p. Shu bois, har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilinadi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasini sovg‘a qilish yo‘lga qo‘yiladi. Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 milliard so‘m ajratiladi.
Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.