MIDWEEK : Ukraina boyliklarini qo‘lga kiritayotgan Tramp, “jahannam” tahdidi ostidagi HAMAS, tabiiy ofat qarshisidagi Turkiya
Tahlil
−
12 fevral
7227Turkiya yana jiddiy tabiat sinovi bilan yuzlashishi mumkin. Ammo seysmologlar bu safargi tabiiy ofat 2023 yilda Qahramonmarashda sodir bo‘lgan zilziladan ancha dahshatliroq bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
Tramp esa G‘azoni tekislash rejasi jiddiy ekanini bot-bot ta’kidlamoqda. U sektorda qandaydir rivera qurish niyatidan voz kechmasligi ayon bo‘lyapti.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar esa bugun har qachongidan-da yaqin.
Quyida o‘tib borayotgan hafta o‘rtasiga qadar dunyoda sodir bo‘lgan voqea-hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning MIDWEEK dasturi.
Tabiat sinovi ustidagi Turkiya
Egey dengizida yanvar oyi oxiridan beri zilzilalar davom etmoqda. Tebranish, ayniqsa, Gretsiyaning Santorini (Tira) orolida sezilayotgani aytiladi. Chunki zilzila aynan Santorini orolidan 8 kilometrcha uzoqlikda joylashgan Kolumbo suvosti vulqoni hududida sodir bo‘lgan.
Egey dengizidagi seysmik faollik oqibatlari Turkiyaga yetib borishi va sunami keltirib chiqarishi mumkinligi, ayniqsa Kolumbo vulqonining otilishi xavfi borligi ta’kidlanmoqda. “The New York Times” ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida orolda yashovchi 15 ming kishidan 13 mingi uni tark etgan. Ayni dam orolda sanoqli kishilar qolgan bo‘lishi mumkin.
Bunday potensial xavf fonida Turkiya ham harakatga kelgan. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lumotlariga ko‘ra, Bodrum hududida Egey dengizida davom etayotgan zilzilalar tufayli ehtimoliy sunami haqida ogohlantirish uchun sirena tizimi o‘rnatilgan. Qayd etilishicha, hududga turli viloyatlardan AFAD guruhlari yetib kelgan. Aholini ogohlantirish tizimi bir qancha qirg‘oq hududlarida ham o‘rnatilgan. AFAD ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya qirg‘oqlariga eng yaqin zilzila 140 km uzoqlikda qayd etilgan.
Bu joriy yil hisobida Turkiyani tashvishga solayotgan birinchi ehtimoliy tabiiy ofat muammosi emas. Yanvar oyi boshida xuddi shu Bodrumdan 400 km uzoqlikda joylashgan Marmar dengizi hududida ham sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila Istanbul uchun falokatli yakunlanishi mumkinligi aytilgandi. Gap shundaki, Istanbul va Bursa oralig‘ida joylashgan ushbu dengizdagi zilzila 16 millionlik megapolisning 4 million aholisiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bunday ehtimoliy xavf-xatar haqida Turkiyaning yetakchi seysmologi Naji Go‘ryur ogohlantirish bilan chiqqandi.
“Megapolisning to‘rt millionga yaqin aholisi sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzila oldida o‘limga yuzma-yuz kelmoqda. Moddiy yo‘qotishlarni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Istanbuldagi eng nufuzli muassasalar ham shahardagi binolarning 60 foizdan ortig‘i zilzilalarga chidamli emasligini da’vo qilmoqda. Istanbuldagi zilzila bizni cho‘ktiradi, hazillashmayapman. Marmar dengizi mintaqasi qulab tushsa, butun Turkiya tiz cho‘kadi”, deydi Go‘ryur.
Shuningdek, Go‘ryur so‘nggi o‘n yil davomida Marmar dengizi hududidagi tektonik yorilishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tadqiqotlar Italiya va Fransiyaning seysmik kemalari bilan dunyodagi eng ilg‘or olimlar hamkorligida amalga oshirilgan.
“Shimoliy Anatoliya yoriqlar tarmog‘ining shimoliy qismi Marmar dengizi orqali o‘tadi. Bir tarmoq Shahzoda orollarining janubida joylashgan bo‘lib, biz uni orol yorilishi deb ataymiz. Ikkinchisi esa Kumburgaz yorilishi bo‘lib, Yeshilko‘ydan Silivrigacha cho‘ziladi. Biz bu ikki yorilish bloklanganini va ularda energiya to‘planayotganini aniqladik. Yorilishlarning buzilishiga to‘sqinlik qilayotgan ishqalanish kuchi mavjud. Bu to‘siq bartaraf etilgan zahotiyoq zilzila sodir bo‘ladi”, dedi olim.
Seysmologlarning baholashicha, magnitudasi 7 yoki undan yuqori bo‘lgan zilzilada taxminan 90 ming bino vayron bo‘ladi, 260 ming bino shikastlanib, yashash uchun yaroqsiz holga keladi. 4,5 million odam vaqtinchalik boshpanaga muhtoj bo‘ladi. Go‘ryurdan oldinroq esa Turkiya Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum agar Istanbulda zilzila sodir bo‘lsa, dastlabki daqiqalarda olti yuz ming uy qulash xavfi ostida qolishi va taxminan 2,5 million kishi jiddiy xavf ostida yashayotganini ma’lum qilgandi.
Turkiyadagi tabiiy ofatlar haqida gap ketar ekan, bundan roppa-rosa ikki yil oldin – 2023 yil 6 fevralda Turkiya janubi-sharqida magnitudasi 7,7 va 7,6 bo‘lgan ikkita kuchli zilzila yuz bergani va ushbu tabiiy ofat oqibatida 53,5 mingdan ortiq odam halok bo‘lgani va yana 107 mingdan ortiq inson jarohat olgani haligacha ko‘pchilikning xotirasini tark etmagan. Zilzila Gaziantep, Adana va Qahramonmarash kabi hududlarda o‘zining halokatli ta’sirini ko‘rsatgandi. Bu zilzila o‘zining dahshatli raqamlari bilan Turkiya tarixida 1939 yil Arzinjonda sodir bo‘lgan falokatdan keyingi eng yirik yer silkinishi sifatida qayd etildi. Bu ofatdan Turkiya bilan bir paytda Suriyaning shimoli-g‘arbida joylashgan qator hududlar, jumladan Idlib, Halab, Hama va Latakiya kabi viloyatlar ham jiddiy zarar ko‘rgandi. Ammo o‘sha paytda mamlakat jinoiylashgan Asad rejimi hukmronligi ostidaligi va dunyoga deyarli yopiq bo‘lgani bois Suriyadagi halokat dunyo miqyosida Turkiyaga berilgan e’tiborchalik bo‘lmaganini ham qayd etish lozim.
G‘azoga “quturib boqayotgan” qariya “yirtqich”
16 yanvar kuni Isroil, HAMAS, AQSH va Qatar vakillari Dohada G‘azo sektorida garovga olinganlarni ozod qilish va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni rasman imzolagandan so‘ng, 19 va 25 yanvar hamda 1 fevral kunlari ikki o‘rtada mahbus va asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tgandi. Ammo endilikda HAMAS harbiy qanoti “Izzad-Din al-Qassam” brigadasi voizi Abu Ubayda Isroil 15 fevral sanasiga belgilagan keyingi almashinuv noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi. Ubayda bu qarorning sababi sifatida Isroil o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishilgan majburiyatlarni bajarmaganini keltirdi. Haqiqatdan ham sulh kuchga kirgan kundan boshlab Isroil armiyasi butun dunyo ko‘z o‘ngida besh yoshli qizaloqni o‘ldirish orqali o‘z majburiyatlarini bajarmayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Bundan tashqari, sulhdan so‘ng, Isroil tomonidan qilingan qoidabuzarliklar tarkibiga falastinliklarning G‘azo sektori shimoliga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik va gumanitar yordam, xususan, chodirlar, yoqilg‘i, dori-darmon va vayronalarni tozalash uchun jihozlarning kirishiga to‘sqinlik qilish holatlari ham kiradi.
Ammo, kutilganidek, HAMASning bu qaroriga zudlik bilan okean ortidan tahdidli bayonot yetib keldi. Netanyaxuning tom ma’nodagi “enaga”siga aylangan AQSH Prezidenti Donald Tramp HAMAS harakatidan barcha isroillik garovga olinganlarni 15 fevral kuni tushgacha ozod qilishni talab qildi. Oq uy rahbari agar HAMAS aytilgan muddatda garovga olinganlarni qaytarmasa, otashkesim kelishuvini bekor qilish va harakatga nisbatan “jahannam”ni boshlash bilan tahdid qildi. Yahudiy davlati Mudofaa vaziri Isroil Kats esa HAMASning qarorini tomonlar erishgan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni “to‘liq buzish” deb atadi va G‘azo sektoridagi SAXAL kuchlarini to‘liq jangovar shay holatga keltirdi. Shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham bu holatga nisbatan munosabat bildirib, HAMASni garovdagilarni ozod qilish jarayonini davom ettirishga chaqirdi. U mojaroda ishtirok etayotgan tomonlarni tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga, HAMAS harakatini esa garovdagilarni ozod qilish jarayonini davom ettirishga undadi.
Bugun G‘azo va uning atrofida kechayotgan jarayonlarga nazar tashlansa, barchasi go‘yoki Falastin davlatchiligining ayanchli taqdiriga qarab yo‘nalish olayotgandek taassurot uyg‘otadi. Tramp rasman prezidentlik faoliyatini boshlaganidan so‘ng o‘tgan hafta Oq uyga ilk xorijiy tashrifni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu amalga oshirgani, shu uchrashuvda Tramp ilk bor G‘azoni egallash istagini bildirgani, sal avvalroq g‘azoliklarni ko‘chirish mo‘ljallangan Iordaniya qiroli Abdulloh II ning Tramp bilan uchrashuvi, keyingi mehmonlar esa Saudiya valiahdi va Misr prezidenti bilan bo‘lishi aytilayotgani, xullas, barcha-barchasi Falastin taqdiri uchun potensial xavfdek ko‘rinmoqda. Ko‘p ehtimol as-Sisi, Abdulloh II va “qora shahzoda” Trampning G‘azo bo‘yicha rejalariga rad javobini beradi. Ammo shunday bo‘lsa-da, Oq uy rahbarining bu boradagi maqsadlari juda jiddiyligi allaqachon ayon bo‘ldi. U hatto Grenlandiya mavzusiga to‘xtalmay ham qo‘ydi. Trampni ayni damda faqat G‘azo va unda qurilishi rejalashtirilgan “Yaqin Sharq Riverasi” qiziqtirayotgan bo‘lish ehtimoli katta. Sal avval u “Fox News” telekanalida efirga uzatilgan intervyuda G‘azo sektorini qo‘lga kiritish g‘oyasiga sodiq qolishini aytdi. Shu bilan birga, Tramp bu yerda yashovchi falastinliklar o‘z uylariga qaytolmasligi, ortga yo‘l yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi.
Biroq ayni paytda, “Reuters” xabar berganidek, G‘azo sektoridagi falastinliklar O‘rtayer dengizi sohilidagi vayron bo‘lgan mulklarni qayta tiklamoqchi va Trampning AQSH nazorati ostida qandaydir “Yaqin Sharq Rivera”sini yaratish rejalariga qarshi chiqmoqchi. Trampning taklifi falastinliklar, arab davlatlari va AQSHning ko‘plab G‘arb ittifoqchilari tomonidan ham keskin tanqid qilindi. Ammo xayolida allaqachon G‘azoda qandaydir utopiya qurayotgan Tramp bu ishga amaliy qadam tashlab, o‘z imperativlarini ishga solishga kirishgudek bo‘lsa, dunyoda biror bir harbiy yoki iqtisodiy kuch uning bu imperialistik harakatiga qarshi turishi dargumon. Suriyadan haydalgan va qarshilik o‘qidagi proksi guruhlari falajlangan Eron, Ukraina bilan masalani yopa olmayotgan Rossiya, Suriyadagi yangi missiyalar bilan ovora bo‘lgan Turkiya, falastinliklar taqdiri zarracha ham qiziqtirmaydigan Saudiya valiahdi, Tramp boshlagan “savdo urushi” bilan band bo‘lgan Xitoy, xullas hech bir siyosiy kuchdan aytarli javob kutish qiyin. Yaqin-yaqingacha o‘zining uchala saylovoldi kompaniyasida ham AQSHning Iroqqa, Liviyaga kirishi xato bo‘lgani va Yaqin Sharqdagi vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan harakatlarini keskin tanqid ostiga olgan Tramp endilikda bu bosqinchilik harakatini o‘zi amalga oshirmoqchi.
Ammo yuqorida ta’kidlanganidek, G‘azo masalasida unga amaliy qarshilik qilishi mumkin bo‘lgan kuch topilishi amrimahol. Faqatgina ehtimoliy impichment kabi kamdan kam sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan mo‘’jiza bunga to‘sqinlik qilishi mumkin. Biroq bugungi kunda Kongressda ko‘pchilik o‘rinlarni respublikachilar egallaganini inobatga olsak, bu variant ham ehtimoldan ancha uzoq.
Muzokaralar eshigi oldidagi Kiyev va Moskva
AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta so‘ngida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashib, Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha muzokaralar olib borishga harakat qilganini aytgandi. Ularning telefonda necha marta gaplashgani so‘ralganda esa, Tramp bu haqdagi tafsilotlarni ochiqlamaslikni afzal ko‘rdi. Trampning ta’kidlashicha, Putin jang maydonidagi o‘limlar haqida “haqiqatan ham qayg‘uradi”. 3 yildan buyon davom etayotgan bosqinning to‘xtashiga eng asosiy to‘siqlardan biri bo‘lgan Putin qurbonlar haqida qayg‘urayotgani ajablanarli yangilik, albatta. Nima bo‘lgan taqdirda ham bugun muzokaralar haqida har qachongidan-da ko‘p gapirilmoqda. Bugun bosqinning to‘xtatilishi har qachongidan-da yaqindek tuyulayotgani bor gap.
Ustiga-ustak, AQSH Prezidenti nihoyat urushni tugatish uchun unda aniq reja borligini aytdi. Donald Tramp Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uoltsga mojaroni hal qilish bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etishni topshirdi. Ammo Tramp Ukrainani Rossiya bosqinidan saqlab qolishni tekinga amalga oshirmoqchi emasligi oldin ham aytilgandi. U Zelenskiy bilan har qanday potensial tinchlik kelishuvida xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukraina yerlarida joylashgan 500 milliard dollar hajmiga ega bo‘lgan noyob minerallarga boy hududlardan foydalanishni istamoqda. Chunki Tramp anchadan buyon AQSH Ukrainaga shunchaki pul sarflashga qarshi ekanligini ochiq aytib keladi. Ukrainada zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan “lityum“dan tortib “titan“gacha bo‘lgan muhim elementlar va minerallarning ulkan konlari mavjud. Shuningdek, u katta ko‘mir zaxiralariga, neft, gaz va uranga ham ega. Ammo bugun bularning aksariyati Rossiya bosqini ostidagi hududlarda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiyadan himoya qilinish evaziga AQSHga o‘z mamlakatining tabiiy resurslariga kirish imkoniyatini taqdim qilishga qarshi emas.
Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ehtimoliy muzokaralar haqida gap ketar ekan, yuqorida ta’kidlanganidek, bu borada oldinga siljishlar yo‘q emas. Bunga eng yorqin misollardan biri sifatida Ukraina masalasi bo‘yicha maxsus vakil etib tayinlangan va 100 kun ichida bosqinni to‘xtatish vazifasi yuklangan Kit Kellogg nihoyat o‘z vazifasini Vashingtonda o‘tirib emas, balki yaqin orada Ukrainaga borish bilan davom ettirishini ko‘rsatsa bo‘ladi. CNN’ning xabar berishicha, Kelloggning Ukrainaga tashrifi shu hafta, ya’ni 14-16 fevral kunlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashishi mumkin. Kelloggning o‘zi esa “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni hal qilish masalasida Trampga ishonishini aytib, bir necha oy ichida tinchlik o‘rnatilishi mumkin degan fikrni bildirgandi.
LiveBarchasi
Toshkentda podstansiya yonib ketdi.
11 aprel
Trenddagilar



