Meloni Ukrainaga 24 soat ichida yordam ko‘rsatish rejasini taklif qildi
Olam
−
21 avgust 6010 4 daqiqa
Yevropa rahbarlari Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilmoqda. Unga ko‘ra, agar Rossiya yana hujum qilsa, Ukraina ittifoqchilari 24 soat ichida unga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qaror qabul qilishga majbur bo‘ladi. Bu haqda kecha, 20 avgust kuni “Bloomberg” agentligi yozdi va taklif muallifi sifatida Italiya Bosh vaziri Jorjiya Melonini ko‘rsatdi.
“Garchi “NATO-layt” varianti Shimoliy Atlantika shartnomasining 5-moddasida nazarda tutilgan kollektiv mudofaa majburiyatlariga mos kelmasa-da, u Ukraina bilan ikki tomonlama kelishuv tuzgan davlatlarni hujum holatida javob choralari bo‘yicha tez kelishishga majbur qiladi”, deb yozadi agentlik manbalariga tayanib.
Ularga ko‘ra, choralar ichiga Kiyevga tezkor va barqaror mudofaa yordami ko‘rsatish, Ukraina armiyasini mustahkamlash, iqtisodiy ko‘mak berish, shuningdek, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish kiradi. Biroq hozircha bu reja ayrim Yevropa mamlakatlari tomonidan Ukrainaga qo‘shin yuborishni nazarda tutadimi-yo‘qmi, noaniq.
Italiya Mudofaa vaziri Gvido Krozetto “La Repubblica“ gazetasiga bergan bayonotida, Meloni g‘oyasining mohiyati “NATO kabi mudofaa ittifoqi Ukraina kabi xorijiy davlatni himoya qila olishida” ekanini aytib o‘tdi.
“Alternativ tariqada ayrim mamlakatlar ham bu kabi majburiyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin. Eng maqbul mexanizm vaqt o‘tishi bilan tanlanadi. Shubhasiz, NATO ishtirok etsa, salohiyatliroq to‘sqinlik kafolatlanadi”, dedi Krozetto.
Jorjiya Meloni 16 avgust kuni Alyaskada o‘tgan sammit yakunida “NATOning 5-moddasidan ilhomlangan italyancha xavfsizlik kafolatlari g‘oyasi” haqida gapirgan edi. AFP va “Reuters” agentliklari Ukraina diplomatik manbalariga tayanib, Kiyev Vashingtondan “NATOga a’zo bo‘lmasdan ham, 5-moddaga o‘xshash xavfsizlik kafolatlari” bo‘yicha taklif olganini xabar qildi. Go‘yoki bu taklif Putin bilan kelishilgan.
Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak 20 avgust kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Kiyev ittifoqchilari bilan “xavfsizlik kafolatlarining harbiy jihati ustida faol ish boshlaganini” yozdi. Yermakning ta’kidlashicha, u Vashingtondan qaytishi bilanoq Germaniya, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlyandiya, shuningdek, YeI va NATO milliy xavfsizlik maslahatchilari bilan telefon orqali muvofiqlashtiruvchi suhbat o‘tkazgan.
“Hammasi aniq va samarali bo‘lishi shart, shunda Rossiya agressiyasi takrorlanmaydi. Biz “Budapesht” xatosini va o‘n yillab davom etgan deklarativ bayonotlarni unutmaganmiz.
Shuningdek, agar Rossiya urushni cho‘zish va ikki yoki uch tomonlama uchrashuvlar bo‘yicha kelishuvlarni buzishda davom etsa, zarur chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqmoqdamiz. Ukraina urushni adolatli tugatishga oid har qanday muloqot formatiga tayyor va biz Prezident Trampga, Amerika hamda Yevropadagi barcha do‘stlarga yordami uchun minnatdorlik bildiramiz. Rossiyaliklar yo zarur qadamlarni tashlaydi, yoki butun dunyodan chinakam og‘riqli bosimga duch keladi”, dedi Yermak.
AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens 20 avgust kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida:
“Ukraina xavfsizligini ta’minlashda asosiy yuk Yevropaning zimmasiga tushishi kerak, AQSHnikiga emas. Bu qanday shaklda bo‘lishidan qat’i nazar. Bu ularning qit’asi, bu ularning xavfsizligi”, deya ta’kidladi.
“Politico” ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Mudofaa vazirligi siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Elbridj Kolbi NATO maslahatlari jarayonida ittifoqchilarni Vashington Ukraina xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashda minimal ishtirok etishini oldindan ogohlantirgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp 18 avgust kuni Vashingtonda Zelenskiy bilan muzokaralar paytida AQSH Rossiya-Ukraina urushi tugashidan keyin tuziladigan tinchlik kelishuvi doirasida xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishini bildirdi. Amerikalik yetakchining ta’kidlashicha, garchi Yevropa davlatlari “birinchi mudofaa chizig‘i” bo‘lsa-da, AQSH ham ularga “xavfsizlik masalalarida juda katta yordam bermoqchi”. U Amerika qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishni istisno etdi, ammo ittifoqchilarni havodan qo‘llab-quvvatlash mumkinligini bildirdi.
19 avgust kuni Tramp yana bir bayonot berib, Kiyev NATOga a’zo bo‘lish va 2014 yilda Rossiya anneksiya qilgan Qrimni qaytarib olish umididan voz kechishi kerakligini aytib o‘tdi.
“Bu ikki variantning iloji yo‘q”, dedi u.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari 19 avgust kuni onlayn yig‘ilishda Kiyev va Moskva o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan tinchlik shartnomasini ta’minlash uchun Buyuk Britaniya va Fransiya qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish rejasini muhokama qilgan. Manbalarga ko‘ra, Buyuk Britaniya va Fransiya bilan bir qatorda yana 10 taga yaqin davlat bunday missiyada qatnashishga tayyorligini bildirgan.
Live
Barchasi