Meksikada harbiylarga hujum qilgan 10 nafar qurolli hujumchi o‘ldirildi
Olam
−
07 iyul 884 1 daqiqa
Meksikaning Sinaloa shtatida dam olish kunlari o‘tkazilgan xavfsizlik amaliyoti davomida suv toshqini xavfini kuzatayotgan dengiz kuchlari xodimlariga qilingan hujumdan so‘ng 10 nafar qurolli hujumchi yo‘q qilindi, yana 3 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda kecha, 6 iyul kuni Meksika dengiz floti xabar qildi.
Bayonotga ko‘ra, harbiylar El Rosario munitsipalitetida portlovchi qurilma yordamida amalga oshirilgan dastlabki hujumga uchragan. Keyinroq xavfsizlik kuchlariga qarshi ikkinchi hujum uyushtirilgan, ammo javob zarbasi natijasida 10 nafar hujumchi o‘ldirilgan.
Qayd etilishicha, dastlabki hujumda 3 nafar dengizchi jarohatlangan. Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, ulardan biri vafot etgan, qolgan ikki nafarining hayotiga xavf yo‘q.
Hujum vaqtida dengiz floti xodimlari yomg‘irlar mavsumi oldidan aholini o‘z vaqtida ogohlantirish maqsadida daryolar va suv omborlarida suv sathining keskin ko‘tarilishini kuzatayotgan bo‘lgan.
Bildirilishicha, qo‘lga olingan 3 nafar gumonlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun ular prokuraturaga topshirilgan. Amaliyot Sinaloa shtatida xavfsizlik choralari sezilarli darajada kuchaytirilgan bir vaqtda o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 may kuni Mali poytaxti Bamako shahridagi qishloqlarga uyushtirilgan terroristik hujum oqibatida o‘nlab insonlar xalok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi