Mashhur musiqiy albomlar sababli o‘limli avtohalokatlar ko‘paygan – tadqiqot

Olam

image

Yangi tadqiqotga ko‘ra, mashhur musiqiy albomlar chiqarilgan kunlarda AQSHda yo‘l-transport hodisalaridagi o‘limlar soni odatdagidan 15,1 foizga ko‘proq bo‘lgan. Olimlar bu holatni haydovchilarning smartfon orqali yangi musiqalarni qidirishi va shu orqali diqqatining yo‘ldan chalg‘ishi bilan bog‘liqligini taxmin qilmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Tadqiqotchilar 2017–2022 yillarda eng ko‘p tinglangan 10 ta albomning chiqarilgan sanalarini tahlil qilgan. Ular orasida Teylor Sviftning “Midnights”, Dreykning “Scorpion” va Garri Staylsning “Harry’s House” albomlari ham bor.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu albomlar chiqqan kunlarda AQSHda eng ko‘p tinglangan 200 ta qo‘shiqning striming hajmi atrofdagi kunlarga nisbatan 43 foizga oshgan.

Olimlar 233 809 ta o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi ma’lumotlarini o‘rganib, albomlar chiqqan kunlarda xavfga moslashtirilgan o‘rtacha o‘limlar soni 139,1 tani, atrofdagi kunlarda esa 120,9 tani tashkil etganini aniqlagan. Bu bir kunda o‘rtacha 18,2 ta qo‘shimcha o‘lim, nisbiy hisobda esa 15,1 foizlik o‘sish degani.

Tadqiqot mualliflari haydovchi yangi albomni qidirayotganda telefonni qulfdan chiqarishi, musiqa ilovasini ochishi, albom yoki qo‘shiqni topishi va uni tanlashiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan. Bu jarayon esa bir necha soniya davomida haydovchining diqqatini yo‘ldan chalg‘itishi mumkin.

O‘lim bilan yakunlangan hodisalardagi o‘sish ayniqsa yosh haydovchilar, erkaklar, yolg‘iz harakatlanayotgan haydovchilar hamda multimedia tizimi o‘rnatilgan avtomobillarda yuqoriroq bo‘lgan.

Shu bilan birga, olimlar tadqiqot smartfondan foydalanish har bir halokatga bevosita sabab bo‘lganini isbotlamasligini qayd etgan. Ya’ni natijalar albom relizi, musiqa strimingi va yo‘ldagi o‘limlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadi.

Tadqiqot mualliflari haydovchilarga harakatni boshlashdan oldin musiqani tanlab, telefonni chetga qo‘yishni tavsiya qilgan. Ular, ayniqsa, avtomobil salonida yo‘lovchi bo‘lsa, musiqani boshqarishni unga topshirish xavfni kamaytirishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadqiqotlar Italiya dunyodagi eng agressiv haydovchilar yashaydigan mamlakat hisoblanishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing