Mashhur kompaniya minglab mijozlariga noto‘g‘ri modeldagi avtomobillarni sotdi

Texnologiya

image

Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi BYD Avstraliyada 2026 yil modeli sifatida sotilgan 1265 ta avtomobil aslida 2025 yil modeli ekanini ma’lum qildi. Kompaniya bu holat ma’muriy xatolik oqibatida yuz berganini bildirib, norozi mijozlarga avtomobilni qaytarib, mablag‘ni to‘liq qaytarib olish imkoniyatini taqdim etdi. Bu haqda Avstraliyaning ABC milliy teleradiokompaniyasi xabar berdi.

BYD ma’lumotiga ko‘ra, Avstraliyada sotilgan avtomobillar mijozlarga 2026 yil modeli sifatida taqdim etilgan bo‘lsa-da, ular amalda 2025 yil modeli bo‘lgan. Dastlab kompaniya jabrlangan mijozlarga taxminan 1100 AQSH dollari miqdorida tovon puli taklif qilgan. Biroq bu taklif mijozlarni qoniqtirmagan.

Kanal bu haqda xabar berganidan so‘ng jamoatchilik noroziligi kuchaygan. Shundan keyin BYD qarorini o‘zgartirib, istagan mijoz avtomobilni qaytarishi va mablag‘ini to‘liq olishi mumkinligini e’lon qilgan. Shuningdek, avtomobilni qaytargan xaridorlar xohishlariga ko‘ra, yangi, yurmagan BYD avtomobilini sotib olishlari mumkinligi qayd etilgan.

Kompaniyaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktori Pol Ellis bu holat to‘liq ma’muriy xatolik tufayli sodir bo‘lganini ta’kidlagan.

“Bu yerda hech qanday aldash yoki yomon niyat bo‘lgani yo‘q. Mablag‘ini qaytarib olgan mijozlar xohlasalar, boshqa yangi BYD avtomobilini xarid qilishlari mumkin”, degan u.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, muammo avtomobilning model yilini aniqlashda ishlab chiqarilgan sana emas, balki zavoddan chiqarilgan sana hisobga olingani sababli yuzaga kelgan. BYD ushbu chalkashlik avtomobillarning texnik xususiyatlari, ishlash samaradorligi yoki kafolat shartlariga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini ham ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy va boshqa raqobatchilar bosimi kuchayib borayotgan bir paytda qat’iy choralar ko‘rilmasa, Yevropa avtosanoatida ish o‘rinlari keskin qisqarishi mumkinligi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing