Xitoy raqobati sabab Germaniya avtosanoati jar yoqasidami?
Olam
−
08 iyul 4350 3 daqiqa
Xitoy va boshqa raqobatchilar bosimi kuchayib borayotgan bir paytda qat’iy choralar ko‘rilmasa, Yevropa avtosanoatida ish o‘rinlari keskin qisqarishi mumkin. Bu haqda Germaniya Avtomobil sanoati assotsiatsiyasi (VDA) bayonot berdi.
Assotsiatsiya bayonotida jamiyat va ishchilar “jasoratli qarorlar” qabul qilinishi zarurligini tan olishi lozimligi ta’kidlangan. Hujjatda ayrim avtomobil zavodlarini xorijlik investorlar yoki ishlab chiqaruvchilarga topshirish ham ish o‘rinlarini saqlab qolish yo‘llaridan biri bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
“Haqiqat siyosiy maqsad va yondashuvlardan o‘zib ketdi, bu esa ish o‘rinlarini tobora ko‘proq xavf ostiga qo‘ymoqda. Iqtisodiy inqiroz butun Yevropa sanoatiga ta’sir qilmoqda. Buning oqibatlari har kuni ko‘rinib turibdi va tobora jiddiy tus olyapti.
Bu tarzda barcha zavodlar va yetkazib beruvchilarni saqlab qololmaymiz. Shuning uchun, masalan, ushbu ishlab chiqarish maydonlarini xorijiy kompaniyalarga ochishimiz kerak. Saqlab qolingan har bir zavod ish o‘rinlarini ham saqlab qoladi.
Imkoniyatlar kamaydi, ammo ularni amalga oshirish har qachongidan ham muhim. Germaniya va Yevropa jasoratli qarorlarni talab qiladigan vaziyatda turibdi. Bu odamlar uchun katta o‘zgarishlar, ko‘p yillik odatlar va davlat endi ta’minlay olmaydigan ayrim imtiyozlardan voz kechishni ham anglatadi”, degan VDA prezidenti Hildegard Myuller.
Avtomobil sanoati Germaniya iqtisodiyotining asosiy ustunlaridan biri hisoblanadi. Volkswagen, Mercedes-Benz va BMW kabi kompaniyalar bilan birga tarmoqda to‘g‘ridan to‘g‘ri va bilvosita taxminan 3 million kishi mehnat qiladi. Shu bois sohadagi vaziyat butun Yevropa sanoati salomatligining muhim ko‘rsatkichi sifatida qaraladi.
Boston Consulting Group o‘tgan oy e’lon qilgan hisobotga ko‘ra, Yevropa avtomobilsozligi o‘nlab yillar davomida kuchli ta’minot zanjirlari, yuqori malakali ishchi kuchi va yirik ishlab chiqarish hajmiga tayanib kelgan bo‘lsa, bu barqarorlik hozir tubdan o‘zgargan.
Hisobotda Yevropadagi ishlab chiqarish quvvatlari talabdan yiliga 5 milliondan ortiq avtomobil miqdoriga oshib ketgani, bu esa qit’a bo‘ylab taxminan 35 ta zavod quvvatiga teng ekani aytilgan. So‘nggi ikki yilda asosiy e’tibor Xitoydagi ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlariga qaratilgan bo‘lsa, VDA Yevropa bozorida avtomobil xaridlari ham sezilarli kamayib borayotganini ta’kidlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Volkswagen 2030 yilgacha xarajatlarni qisqartirish dasturi doirasida 100 minggacha ish o‘rnini qisqartirishni rasman taklif qilishga tayyorlanmoqda. Bu avval rejalashtirilgan qisqartirishlardan ikki barobar ko‘p bo‘lib, bir nechta zavodlarni qisqartirish yoki yopishni ham o‘z ichiga oladi.
Bu rejalar ertaga, 9 iyul kuni Volfsburgda bo‘lib o‘tadigan kompaniya kuzatuv kengashi yig‘ilishida muhokama qilinadi. Kasaba uyushmasi IG Metall esa Volkswagen’ning barcha korxonalarida norozilik tadbirlari o‘tkazilishini e’lon qilgan. Namoyishlar Emden, Svikkau, Gannover va Kassel shaharlarida rejalashtirilgan.
“Die Zeit” nashri ma’lumotiga ko‘ra, shunga o‘xshash aksiyalar Porsche, Audi hamda yuk mashinasi va avtobus ishlab chiqaruvchisi MAN korxonalarida ham o‘tkazilishi kutilmoqda.
VDA Germaniya va Yevropa Ittifoqi rahbarlarini biznes modellari o‘zgarayotgan bir paytda zavodlarni siyosiy qarorlar bilan himoya qilib bo‘lmasligini tan olishga chaqirgan.
“Bu voqelikka ko‘z yumish jamiyat uchun og‘ir oqibatlarga olib keladi. Bu qarorlar oson emas va barcha manfaatdor tomonlar bilan muloqot orqali qabul qilinishi kerak. Ular barchamizdan o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishni talab qiladi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq premium-klassdagi avtomobillarni yig‘ishga ixtisoslashgan Germaniyaning eng yirik avtokonsernlaridan biri Mercedes-Benz harbiy texnikalar ishlab chiqarishni boshlashi mumkinligi haqida xabar berilgan.
Live
Barchasi