Markaziy bank kredit tashkilotlarini ogohlantirdi

Jamiyat

image

Markaziy bank fuqarolarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida akseptsiz usulda yechib olinishini adolat tamoyillariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholaydi. Bu haqda kecha, 30 iyun kuni Markaziy bank kredit tashkilotlariga murojaat bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bankka kelayotgan murojaatlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga davlat tomonidan ajratilayotgan nafaqa va moddiy yordam mablag‘lari fuqarolarning bank kartalariga tushgandan so‘ng, kredit tashkilotlari tomonidan kredit bo‘yicha qarzdorliklarni so‘ndirish uchun avtomatik tarzda yechib olinishi holatlari kuzatilmoqda.

Aholining zaif qatlamiga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalar – kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi, nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar va shu kabi boshqa moddiy yordam pullari davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy himoya mablag‘lari hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasiga muvofiq, davlat mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlarini himoya qiladi.

Shuningdek, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida shartnomaga iste’molchilarning qonunchilikda nazarda tutilgan huquqlarini kamsitadigan, shuningdek ularga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va afzalliklarni bermaslik taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Markaziy bank fuqarolarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida akseptsiz usulda yechib olinishini adolat tamoyillariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholaydi.

Shu munosabat bilan, barcha kredit tashkilotlari:

  • ichki tartiblar va avtomatik undiruv tizimlarini qayta ko‘rib chiqish orqali ijtimoiy to‘lovlarni akseptsiz ravishda qarz to‘lovlariga yo‘naltirish imkonini cheklash;
  • bunday holatlar bo‘yicha fuqarolardan shikoyat kelib tushgan taqdirda, undirishni to‘xtatishi va yechib olingan mablag‘larni fuqaroga qaytarib berish choralarini ko‘rishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2024 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida O‘zbekistonda kredit olganlarning 40 foizi oylik daromadining 50 foizidan ko‘prog‘ini kredit to‘lashga sarflayotgani aytilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank kredit kredit tashkilotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing