O‘zbekistonda odamlar daromadining yarmidan ko‘pini kredit to‘lashga sarflayapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda kredit olganlarning 40 foizi oylik daromadining 50 foizidan ko‘prog‘ini kredit to‘lashga sarflamoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2024 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida keltirilgan.

Qarz yuki darajasi

Qayd etilishicha, 2024 yilda jismoniy shaxslarning jami majburiyatlarni inobatga olgan holdagi umumiy qarz yuki darajasi o‘rtacha 34 foizni tashkil etgan. Bankdan qarz jalb etgan aholi orasida umumiy DSTI ko‘rsatkichi (qarz oluvchining daromadidan kreditni so‘ndirishga yo‘naltiriladigan ulushi) 50 foizdan yuqori qarzdorlarga to‘g‘ri keladigan kreditlar hajmining ulushi 40 foiz darajasida shakllangan.

2024 yil I yarim yilligida banklar tomonidan ajratilgan kredit shartnomalari sonining 23 foizi rasmiy daromadga ega bo‘lmagan shaxslar bilan tuzilgan bo‘lib, 2024 yil II yarim yilligida ushbu ko‘rsatkich 13 foizgacha pasaygan. Shuningdek, banklar kredit portfelida DSTI talabi bo‘yicha belgilangan istisno doirasida ajratilgan kreditlar uchun yuqori tavakkalchilik darajalarning belgilanganligi aholi qarz yuki bilan bog‘liq xatarlarni pasaytirishga xizmat qilmoqda.

Bir nechta kredit majburiyatiga ega bo‘lgan qarz oluvchilar ulushining ortib borishi aholi qarz yuki bilan bog‘liq xavotirlarni oshirmoqda. Tijorat banklari kredit portfelida bir necha kredit majburiyati mavjud qarz oluvchilar sonining ortishi banklar orasida tarqalish xavfini (contagion risk) oshishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Bunda, tijorat banklari aktivlari tarkibida bir qarz oluvchining to‘lov qobiliyatidagi salbiy o‘zgarishlar tegishli banklarning aktivlar sifatiga bir vaqtda ta’sir ko‘rsatadi. 2024 yil davomida banklardan kredit olgan jismoniy shaxslarning 68 foizida birdan ortiq kredit majburiyatlari mavjud. Ipoteka va avtokredit olgan jismoniy shaxslar tarkibida bir necha krediti mavjud qarzdorlarning ulushi mos ravishda 48 va 42 foizlarni tashkil etgan. Mikroqarz bo‘yicha ushbu ko‘rsatkich nisbatan yuqoriroq bo‘lib, ularning 70 foizi birdan ortiq kredit olgan.

Aholiga ajratilgan kredit va qarzlar majburiyatlari tarkibida asosiy ulushni bank kreditlari tashkil etmoqda. 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, bank yoki bankdan tashqari majburiyatlari mavjud jismoniy shaxslar soni 5,3 mln kishini tashkil etgan. Barcha qarzdor aholi sonining 89 foizida banklar oldida to‘lashi lozim bo‘lgan krediti mavjud bo‘lib, ularning 9 foizida bankdan tashqari majburiyatlari ham mavjud. 

Bankdan kredit olgan aholining umumiy qarz yuki ko‘rsatkichi 2024 yilda biroz oshgan. 2024 yilda banklardan kredit olgan jismoniy shaxslarning bank va bankdan tashqari barcha qarzlarini inobatga olgan holdagi umumiy qarz yuki darajasi o‘rtacha 34 foizni tashkil etgan. 2024 yilda bankdan qarz olgan aholi orasida umumiy DSTI ko‘rsatkichi 50 foizdan yuqori qarzdorlarga to‘g‘ri keladigan kreditlar hajmining ulushi 40 foizni tashkil etdi. Shuningdek, qarz oluvchilarning DSTI ko‘rsatkichi 26–50 foiz oralig‘ida bo‘lgan kreditlar hajmining jami kreditlardagi hissasi 42 foizga to‘g‘ri kelgan. Kredit oluvchilarning 12 foizida esa kredit yo‘qotishlarining yuzaga kelish ehtimoli baland bo‘lib, ushbu kredit oluvchilar bo‘yicha DSTI ko‘rsatkichi 100 foizdan yuqori ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.

Ipoteka krediti

Ipoteka krediti olgan jismoniy shaxslarning beshdan bir qismi daromadlarini asosiy qismini qarz majburiyatlarini qoplashga sarflamoqda. 2024 yilda ipoteka qarz oluvchilarning 21 foizida DSTI ko‘rsatkichi 100 foizdan yuqori bo‘lgan. DSTI ko‘rsatkichi 50 foizdan past bo‘lgan qarz oluvchilar hissasi 39 foizni tashkil etgan. Shuningdek, banklardan ipoteka krediti olgan jismoniy shaxslarning barcha bank va bankdan tashqari majburiyatlarini inobatga olgan holdagi o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 65 foizga to‘g‘ri kelgan.

Avtokreditlar

O‘rnatilgan makroprudensial choralar natijasida avtokreditlar bo‘yicha jismoniy shaxslarning qarz yuki holati yaxshilanib bormoqda. 2024 yilda banklardan avtokredit olgan jismoniy shaxslarning o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 61 foizni tashkil etgan. 2024 yil 1 iyuldan boshlab avtokreditlar bo‘yicha o‘rnatilgan makroprudensial choralar76 kredit oluvchilarning qarz yuki darajasi pasayishiga xizmat qilmoqda. Jumladan, 2024 yil II yarim yilligida avtokredit olgan jismoniy shaxslar bo‘yicha DSTI ko‘rsatkichi 50 foizdan yuqori qarz oluvchilar ulushi 40 foizni tashkil etib, 2024 yil I yarim yilligiga nisbatan 23 foiz bandga kamaygan.

Mikroqarz

Mikroqarz oluvchilar bo‘yicha qarz yuki darajasi oshib bormoqda. 2024 yilda mikroqarz olgan jismoniy shaxslarning bank va bankdan tashqari barcha majburiyatlari bo‘yicha o‘rtacha DSTI ko‘rsatkichi 34 foizni tashkil etgan. Mikroqarz oluvchilarning qarz yuki darajasi ipoteka yoki avtokredit oluvchilar qarz yukiga nisbatan pastroq shakllangan bo‘lsa-da, uning o‘sish sur’ati tezlashgan. 2024 yil 1 iyuldan boshlab mikroqarz oluvchilar bo‘yicha qarz yuki talabining yengillashtirilganligi DSTI ko‘rsatkichining ortishida o‘z ifodasini topgan. 

Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning YAIMga nisbati o‘zining uzoq muddatli trendidan pastda shakllandi. 2024 yil yakuniga ko‘ra, banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar qoldig‘ining YAIMga nisbati 12,2 foizni tashkil etib, 2023 yilga nisbatan 0,3 foiz bandga kamaygan. 2024 yil yakuni bo‘yicha jismoniy shaxslarning kredit portfelida eng yuqori ulushlar ipoteka krediti hamda mikroqarzlarga to‘g‘ri kelib, ushbu kreditlarning YAIMga nisbati mos ravishda 7 va 3 foizlarda shakllangan.


Maqola muallifi

Teglar

kredit Ipoteka krediti Mikroqarz Avtokredit Qarz yuki kredit majburiyati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing