Malayziyada Telegram bloklandi
Olam
−
19 iyun 2448 1 daqiqa
Malayziyada sud Telegram messenjerining vaqtincha faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha qaror chiqardi. Bunga ikki Telegram kanaliga oid da’vo sabab bo‘lgan. Bu haqda “Bernama” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi (MCMC) fuqarolik da’vosi bilan chiqqan. Regulyator idorasiga ko‘ra, ushbu kanallarda davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni susaytirishi va jamoat tartibini xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan kontent tarqatilgan.
Sud ushbu kanallarni “Aloqa va multimedia to‘g‘risidagi qonun”ni buzgan deb topgan. Shundan so‘ng Malayziya Oliy sudi Telegram’da zararli kontent tarqalishini to‘xtatish va shunga o‘xshash materiallarning takroran chop etilishining oldini olish maqsadida vaqtincha taqiq qo‘llagan.
“Bernama”ning yozishicha, bu messenjer platformasi provayderiga nisbatan birinchi shunday chora. Qaror Telegram’ning bu kabi kontentlarga oid muammolarni hal etishga keskin rad javoblari bergani ortidan qabul qilingan. Shunga qaramay, Telegram’ga o‘z pozitsiyasini himoya qilish imkoniyati beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vetnam Texnologiya vazirligi jinoyatga qarshi kurashda hamkorlik qilmagani sababli Telegram ilovasini bloklashni buyurgandi. Politsiya Telegram’dagi 9 600 ta kanal va guruhlarning 68 foizi qonunni buzganini aniqlagan.
Live
Barchasi