Maktablarda navbatchilik qilish topshirig‘i vazirlik tomonidan berilgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanidagi maktabda o‘qituvchilar tun-u kun navbatchilikda turishga majbur qilinayotgani, buning ortidan tuman hududidagi 37-umumta’lim maktabi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lib ishlab kelayotgan X.N. viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining buyrug‘iga asosan vazifasidan ozod etilgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchilarni tun-u kun navbatchilikka jalb qilishi topshirig‘ini vazirlikning o‘zi bergan. Bu haqda ta’lim muassasalariga yuborilgan topshiriq hatida so‘z boradi.

Tarmoqlarda tarqalgan hujjat xizmat doirasida foydalanish (XDFU) uchun grifi bilan chiqarilganini ko‘rish mumkin. Unda 2025 yil 25 dekabrdan 2026 yil 5 yanvarga qadar 24 soatlik uzluksiz navbatchilikni va hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish so‘ralgan.

“O‘zbekiston Respublika Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 dekabrdagi 245-sonli “Yangi yil bayramini yuqori darajada o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bayonining 28-bandiga muvofiq, joriy yilning 25 dekabridan 2026 yil 5 yanvariga qadar 24 soatlik uzluksiz navbatchilik hamda hududiy shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan. 

Yuqoridagilarni inobatga olib, o‘zingiz rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasida belgilangan muddatlarda 24 soatlik uzluksiz navbatchilikni hamda shtab faoliyatini tashkil etish va ularning samarali faoliyatini ta’minlashingiz so‘raladi”, deyiladi xatda.

Qayd etish joiz, ushbu topshiriqni bajargan Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi 37-maktab direktori vazifasini bajaruvchi X.N. ishdan olingan edi. Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirib, X.N. tomonidan pedagogik jamoaga ularning lavozim majburiyatiga kirmaydigan vazifa yuklanganini, amaldagi tartiblarga zid ravishda navbatchilik qilishlari talab etilgani aniqlanganini qayd etgan.

Shuningdek, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bitta maktabdagi jarayonni butun tizimdagi holat sifatida baholamaslikni so‘ragan edi.

“Tizim rahbarlari kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymasliklari yuzasidan ogohlantirildi. Hurmatli ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari va foydalanuvchilaridan bitta maktabdagi jarayonni butun tizimdagi holat sifatida baholamasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanida tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Nigora Jumayeva Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamovaning tashrifi munosabati bilan ayollarni majburiy mehnatga, ya’ni paxta terimiga jalb etgani haqida xabar berilgan edi. O‘shanda tuman hokimligi paxta terimiga chiqqan ayollarning “ko‘ngilli” ekanini, ular “o‘z ixtiyori” bilan bunga rozi bo‘lganini iddao qilgandi. Keyinchalik esa o‘sha ayollar rostdan ham majburiy mehnatga jalb qilingani o‘z tasdig‘ini topdi, Nigora Jumayevaga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi (Mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismi asosida jarima qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Maktab navbatchilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing