Maxfiy guvohlar va yopiq sud yoxud Tashiyev ishining yangi tafsilotlari

Olam

Reklama
0:00

Qirg‘iziston siyosatida navbatdagi shov-shuvli jarayon boshlandi. Bir necha yil avval mamlakatdagi eng qudratli siyosiy tandem sifatida ko‘rilgan Sadir Japarov va Qamchibek Tashiyev o‘rtasidagi ittifoq amalda parchalangan ko‘rinadi. Bugunga kelib esa nafaqat Tashiyev, balki mamlakatning sobiq bosh prokurori Qurmanqul Zulushev hamda Jogorku Keneshning sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyev ham davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liq jinoyat ishida figurant sifatida tilga olinmoqda.

Qirg‘izistonda hokimiyat almashinuvlari, inqiloblar va siyosiy kurashlar yangilik emas. Biroq bu galgi voqealarning farqi shundaki, ayblanuvchilar mamlakatni boshqarib turgan tizimning o‘zagida turgan shaxslar hisoblanadi. Shu sabab mazkur ish nafaqat huquqiy jarayon, balki Qirg‘izistondagi hokimiyat konfiguratsiyasining o‘zgarishi sifatida ham baholanmoqda.

“75lar xati” ishi nima?

Bugungi siyosiy mojaroning markazida “75lar xati” nomi bilan mashhur bo‘lgan jinoyat ishi turibdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur ish ommaviy tartibsizliklar tashkil etish, hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liq holatlarni qamrab olgan.

Joriy yilning 29 aprel kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev, sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev va parlamentning sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyevga rasman ayblov e’lon qilindi. Tashiyevga qo‘shimcha ravishda mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddasi bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgan.

Shundan so‘ng, 12 may kuni Bosh prokuratura ayblov xulosasini tasdiqlab, ishni Bishkek shahrining Pervomay tuman sudiga yubordi. Ish bo‘yicha yana yetti nafar shaxs ham javobgar sifatida jalb qilingan.

Maxfiy sud va sirli guvohlar

Mazkur jinoyat ishi maxfiylashtirilgan. Shu bois sud majlislari yopiq tartibda o‘tkazilmoqda. Tergov va sud materiallarini oshkor qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, jarayonning ayrim tafsilotlari jamoatchilikka sizib chiqmoqda.

Advokatlarning ma’lum qilishicha, ish bo‘yicha uch nafar maxfiy guvoh mavjud. Hozircha biror nafar guvoh so‘roq qilinmagan va sud asosiy muhokama bosqichiga ham o‘tmagan. Sud hozircha protsessual masalalarni ko‘rib chiqish bilan cheklanyapti.

Bu esa ishning siyosiy ahamiyati yanada yuqori ekanidan dalolat bermoqda. Chunki ayblanuvchilar orasida mamlakat xavfsizlik tizimi rahbari, parlament spikeri va bosh prokuror kabi yuqori lavozimlarda ishlagan shaxslar bor.

Japarov hammasini bilganmi?

Prezident Sadir Japarov mazkur ish yuzasidan bildirgan munosabati bilan ham diqqat markaziga chiqdi. Uning aytishicha, “75lar xati” atrofidagi jarayonlar haqida avvaldan xabardor bo‘lgan va vaziyatni boshidanoq kuzatib kelgan.

Japarovning ta’kidlashicha, murojaat parlamentga kiritilganidan boshlab uning harakatlarini nazorat qilgan va masala parlament yalpi majlisiga chiqishidan oldin chora ko‘rgan.

Prezident yana bir muhim bayonot berib, parlament ichida ma’lum bir guruh siyosiy fitna uyushtirishga uringanini iddao qildi. Uning fikricha, ayrim deputatlarning mandatlarini topshirishi ham aynan shu voqealar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bu bayonotlar tergov versiyasiga siyosiy tus berdi va voqealar ortida haqiqatan ham hokimiyat uchun ichki kurash bo‘lganmi, degan savollarni yanada kuchaytirdi.

Japarov-Tashiyev tandemi qanday parchalandi?

Qamchibek Tashiyev va Sadir Japarov uzoq yillar davomida Qirg‘iziston siyosatining eng mustahkam juftligi hisoblanardi. Ular 2010 yillar boshidanoq bir siyosiy lagerda harakat qilgan, 2020 yil oktyabr voqealaridan keyin esa mamlakat boshqaruvining asosiy figuralariga aylangan.

Japarov prezidentlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari sifatida kuch tuzilmalari ustidan nazoratni ta’minladi. Ko‘plab kuzatuvchilar aynan shu ikkilikni mamlakatdagi haqiqiy siyosiy markaz deb baholagan.

Biroq joriy yil fevral oyida Tashiyev kutilmaganda lavozimidan ozod etildi. Oradan ko‘p o‘tmay uning yaqin atrofidagi bir qator amaldorlar ham ishdan bo‘shatildi. Endi esa sobiq xavfsizlik rahbari davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanyapti.

Bu holat ko‘pchilik ekspertlar tomonidan Qirg‘izistonda hokimiyatning qayta taqsimlanishi va Japarovning siyosiy tizim ustidan nazoratini yanada kuchaytirish jarayoni sifatida baholanmoqda.

Ish ortida nima bor?

Hozircha sud ayblanuvchilarning aybdor yoki aybsiz ekanini aniqlagani yo‘q. Tergov davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rilganini aytmoqda. Ayblanuvchilar va ularning himoyachilari esa barcha ayblovlarni siyosiy bosim deb baholamoqda.

Shuning uchun “75lar xati” ishi oddiy jinoyat ishidan ko‘ra kengroq ma’no kasb etadi. Sud muhokamalari hali davom etmoqda. Ammo bir narsa aniq: kechagina davlatning eng qudratli shaxslaridan biri bo‘lgan Qamchibek Tashiyev bugun qora kursidan turib o‘z taqdiri uchun kurashmoqda. Bu esa Qirg‘iziston siyosatining naqadar tez va keskin o‘zgarishi mumkinligini yana bir bor namoyon etdi.

Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing