“Magic City”da bolalar ko‘z o‘ngida o‘zini osish sahnasi namoyish qilindi (video)
3-sahifa
−
29 may 34969 2 daqiqa
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Magic City” ko‘ngilochar bog‘ida bolalar uchun mo‘ljallangan tadbirda shubhali va bahsli sahna – o‘zini osish harakati namoyish etilgani haqidagi videolar keng tarqaldi. Voqea jamoatchilik orasida keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi, biroq hozirgacha hech qaysi rasmiy idora bu holatga oydinlik kiritmadi.
Qayd etish joizki, agar bu sahna ko‘rinishini madaniy tadbir deb ataydigan bo‘lsak, bundan Madaniyat vazirligining xabari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.
QALAMPIR.UZ holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi va Madaniyat boshqarmasi bilan bog‘landi. Madaniyat boshqarmasi mas’ulining ta’kidlashicha, tadbir ular bilan kelishilmagan holda va hech qanday hamkorliksiz o‘tkazilgan. Boshqarma vakillari park xususiy mulk ekanini, bunday joylardagi tadbirlarga ular javobgar emasligini ma’lum qildi.
Hokimlik matbuot kotibi Gulnoza Qosimova ham holatga munosabat berib, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videodan xabari borligi, “Magic City” xususiy hudud ekani, muhokamalarga sabab bo‘layotgan sahna ko‘rinishi na shahar hokimligi, na park joylashgan Chilonzor tumani hokimligi va na shahar madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgani va ular oldindan xabardor qilinmaganini ma’lum qildi.
“Bu tadbir biz bilan kelishilmagan. Holat bo‘lib o‘tgandan keyingina xabardor bo‘ldik”, deydi Gulnoza Qosimova.
Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov esa QALAMPIR.UZ’ga mazkur tadbirni o‘tkazishda vazirlikka ma’lum qilinmagani, bir martalik tadbirlarni tashkil etish uchun ruxsatnomani Ichki ishlar vazirligi bilan hududiy hokimiyat berishini ma’lum qildi. O‘sarovga ko‘ra, bunga Madaniyat vazirligining aloqasi yo‘q va bu kabi chiqishlarga vazirlik xayrixoh emas.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili avgust oyida Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning festivallar o‘tkazishni “ko‘chani asfalt qilishdan muhimroq” deb aytgan gapi keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Live
Barchasi