Myanma ko‘knori yetishtirishda Afg‘onistondan o‘zib ketdi
Olam
−
03 dekabr 2025 5659 2 daqiqa
So‘nggi 10 yil ichida Myanma ko‘knori yetishtirish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan geroin G‘arb bozorlariga yo‘l olmoqda. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga tayanib, “France 24” xabar berdi.
3 noyabr kuni e’lon qilingan BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hisobotida aytilishicha, bu yil Myanmada 53 ming gektardan ortiq maydonda ko‘knori ekilgan. Bu 2015 yildan buyon kuzatilgan eng yirik maydon.
UNODC'ning yillik afyun bo‘yicha tadqiqotida ta’kidlanishicha, Afg‘onistonda repressiyalar kuchayganidan so‘ng “Janubi-Sharqiy Osiyoda ishlab chiqarilgan geroin ilgari ushbu mintaqadan ta’minlanmagan bozorlarga chiqayotgan belgilar” ko‘rinmoqda.
Hisobotga ko‘ra, 2024 yil va 2025 yil boshlarida Tailanddan Yevropa Ittifoqiga yo‘l olgan aviayo‘lovchilardan Myanmaga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan 60 kilogramm (132 funt) geroin musodara qilingan.
UNODC, shuningdek, beqarorlik va xavfsizlik muammolari fermerlarni ko‘knori yetishtirishga majbur qilayotgani, biroq “mojarolarning kuchayishi dalalarni parvarish qilishni qiyinlashtirayotgani”ni qayd etadi.
Bangkokdagi matbuot anjumanida UNODC bosh tahlilchisi Inshik Sim giyohvand moddalar iqtisodiyot uchun ikki tomonlama rol o‘ynashini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urush sharoitida ko‘knori yetishtirish fermerlar va qurolli guruhlar uchun daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Biroq mojaro ishchi kuchining yetishmasligi va o‘g‘itga kirishning cheklanishi tufayli yetishtirish jarayonini ham izdan chiqarishi mumkin.
2024 yildan buyon ko‘knori yetishtiriladigan maydonlar 17 foizga kengaygan bo‘lsa-da, hisobotda bu yilgi hosil deyarli o‘zgarmay, 1000 tonna atrofida bo‘lgani qayd etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Myanma davlati noqonuniy qazib olish, internet firibgarligi, metamfetamin va geroin ishlab chiqarish kabi qora bozor faoliyatining asosiy markaziga aylangan. Mamlakat ko‘p yillardan beri dunyodagi eng yirik ko‘knori yetishtiruvchilardan biri bo‘lib, 2022 yilda “Tolibon” Afg‘onistondagi savdoni cheklaganidan buyon birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron ko‘knori yetishtirishni qayta tiklamoqchiligi haqida xabar berilgandi. Qayd etilishicha, Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ko‘knori ekishni taqiqlaganidan so‘ng, Eron hayotiy muhim og‘riq qoldiruvchi vositalar ishlab chiqarish uchun xomashyo tanqisligiga duch kelgan. Endi mamlakat hukumati so‘nggi o‘n yilliklarda ilk bor qonuniy tarzda “opiy” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025