“Los-Andjeles Leykers” klubi rekord narxga sotiladi

Sport

image

AQSH milliy basketbol assotsiatsiyasi (NBA) Boshqaruvchilar kengashi “Los-Andjeles Leykers” klubining katta ulushini Mark Uolterga sotish bitimini bir ovozdan tasdiqladi. Ligaga ko‘ra, 10 milliard dollarlik bahoga tuzilgan ushbu bitim yaqin kunlarda yakunlanadi va professional sport tarixidagi eng yirik savdo sifatida qayd etiladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.

“Mark Uolter bizning ligamiz bilan uzoq yillardan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Men uning tajribasi va biznesdagi yutuqlarini hisobga olgan holda, jamoa uchun fidoyi rahbar va ligamiz uchun ajoyib qo‘shimcha bo‘lishiga ishonaman”, deydi NBA komissari Adam Silver.

Bitimga ko‘ra, 1979 yildan buyon klubning asosiy egasi bo‘lgan Buss oilasi “Leykers”dagi 15 foiz ulushini saqlab qoladi. Klub prezidenti Jeani Buss esa kamida keyingi besh yil davomida jamoaning gubernatori sifatida faoliyatini davom ettiradi.

Jerri Buss 1979 yilda “Leykers”ni, “Inglewood Forum” arenasini va NHL’ning “Los-Andjeles Kings” klubini o‘z ichiga olgan kelishuv orqali 67,5 million dollarga sotib olgan.

“Los-Anjeles Leykers” bu mukammallik va buyuklikka intilish ramzi bo‘lgan eng mashhur sport franshizalardan biridir. Jeani Buss bilan birgalikda ushbu merosni davom ettirish va jamoani yangi davrda ham maydonda, ham undan tashqarida muvaffaqiyat sari yetaklash men uchun sharafdir”, deydi Mark Uolter.

Ma’lumot uchun, 1947 yilda tashkil etilgan “Los-Anjeles Leykers” NBA tarixidagi eng muvaffaqiyatli klublardan biri bo‘lib, 32 marta finalda ishtirok etgan va 17 marta chempionlikni qo‘lga kiritgan. Bu natija bo‘yicha jamoa faqat “Boston Seltiks”dan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.


Maqola muallifi

Teglar

basketbol NBA “Los-Andjeles Leykers” Adam Sil'ver

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing