Lindsi Grem bilan xayrlashuv marosimlarida Netanyaxu va Zelenskiy qatnashadi
Olam
−
29 iyul 3387 2 daqiqa
AQSH senatori Lindsi Grem bilan ikki kunlik xayrlashuv marosimlari 29 iyul kuni Vashingtonda boshlanadi. Marosimlarda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Marosimlar davomida har ikki davlat rahbari AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan ham Oq uyda alohida uchrashuv o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Respublikachi senator, tashqi siyosatda qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan Lindsi Grem Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ishlayotgan paytda shu oy boshida Kiyevga tashrif buyurib, Zelenskiy bilan uchrashgan. U Vashingtonga qaytganidan ko‘p o‘tmay, 71 yoshida yurak xastaligi tufayli vafot etgani xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, 26 iyul kuni “The Wall Street Journal” fevral oyida hujjatli film suratga olish guruhi tomonidan tasvirga olingan videolarni e’lon qilgan. Ularda Gremning Eronga qarshi harbiy harakatlarni olqishlagani hamda Netanyaxu va Isroilni faol qo‘llab-quvvatlagani aks etgan.
Bugun, 28 iyul kunigi marosimlar Kapitoliyda boshlanadi. Grem Kongress quyi palatasida sakkiz yil, Senatda esa 23 yil faoliyat yuritgan.
Kapitoliy rotundasidagi vidolashuvdan so‘ng tobut Vashington milliy kafedral soboriga olib boriladi. U yerda tushdan keyin dafn marosimi o‘tkaziladi. Unda nutq so‘zlaydiganlar orasida AQSH Prezidenti Donald Tramp ham bor. Grem ilgari Trampni “ahmoq” va “irqiy adovatni qo‘zg‘atuvchi millatchi” deb atagan bo‘lsa-da, keyinchalik uning yaqin siyosiy ittifoqchisiga aylangan.
Ma’lum qilinishicha, 30 iyul kuni marosimlar Gremning vatani – Janubiy Karolina shtatida davom etadi. Kolumbiya shahridagi shtat parlamenti binosi oldida xotira tadbiri va F-16 qiruvchisi ishtirokida uchish namoyishi o‘tkaziladi. Shundan so‘ng tobut Birinchi baptistlar cherkoviga olib boriladi va ommaviy vidolashuv marosimi tashkil etiladi. Oila a’zolari ishtirokidagi yopiq dafn marosimi esa Pikens okrugida bo‘lib o‘tadi.
Shu kuni Vashingtonda Netanyaxu va Zelenskiyning Oq uydagi uchrashuvlari ham katta ahamiyat kasb etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHga jo‘nab ketar ekan, Prezident Donald Tramp bilan bo‘lajak uchrashuvda asosiy e’tibor Eron masalasiga qaratilishini bildirgandi.
Live
Barchasi