Kosta-Rika tarixida ikkinchi bor ayol prezident saylandi
Olam
−
02 fevral 1114 2 daqiqa
Kecha, 1 fevral kuni Laura Fernandes Kosta-Rikadagi prezidentlik saylovlarida jinoyatchilikka qarshi qat’iy siyosatni targ‘ib qilgan platforma bilan g‘alaba qozondi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
39 yoshli siyosatchi Laura Fernandes Kosta-Rika tarixida prezident bo‘lgan ikkinchi ayolga aylandi. 2022 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan prezident Rodrigo Chavesning mashhurligidan unumli foydalangan Fernandes saylovning birinchi bosqichidayoq g‘alaba uchun zarur bo‘lgan chegaradan oshgan. So‘nggi o‘n yildan ortiq vaqt ichida bunday natijaga hech bir prezidentlik nomzodi erisha olmagan edi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, u deyarli 50 foiz ovoz to‘plagan. Uning eng yaqin raqiblari – bir texnokrat va sobiq birinchi xonim – mos ravishda 33 foiz va taxminan 5 foiz bilan ancha ortda qolgan. 1 fevral kuni mahalliy vaqt bilan kechga borib, mamlakatdagi byulletenlarning qariyb 85 foizi sanab chiqilgan.
Mamlakat saylov organi o‘tgan yili Chaves o‘z lavozimidagi vakolatlaridan Fernandes foydasiga tashviqot olib borish uchun foydalanganini aniqlagan edi. Konstitutsiyaga ko‘ra, bunday amaliyot taqiqlangan. Chaves ketma-ket muddatga qayta saylana olmasdi, biroq yangi hukumat tarkibida muhim lavozimlardan birini egallashi ehtimol qilinmoqda.
Fernandes dastlabki natijalar e’lon qilingach televideniye orqali bo‘lib o‘tgan videoqo‘ng‘iroqda o‘z ustoziga murojaat qilgan.
“Birinchi kundan boshlab menga ishonchingizni bildirdingiz, menga ishondingiz va bugun Kosta-Rikaning saylangan prezidenti bo‘lishim uchun mening xizmatlarimni qadrlab, menga umid berdingiz”, deydi Chaves ma’muriyatining sobiq rasmiysi bo‘lgan Fernandes.
Uning g‘alabasi bilan Chavesning populistik harakati – ekspertlar tomonidan Oliy sudni qayta shakllantirish va nazorat qiluvchi idoralar faoliyatiga to‘sqinlik qilish orqali mamlakat institutlarining bir qismini yemirishga kirishgan siyosiy oqim sifatida baholanuvchi bu klan kamida yana to‘rt yil hokimiyatda qoladi.
Fernandesning tez ko‘tarilishi Lotin Amerikasi bo‘ylab kuzatilayotgan umumiy tendensiyaga mos keladi: xavfsizlik saylovchilar uchun eng muhim masalaga aylanar ekan, nomzodlar jinoyatchilikka qarshi “temir qo‘l” siyosatini va’da qilmoqda.
Bir paytlar Markaziy Amerikadagi eng tinch mamlakat bo‘lgan Kosta-Rika hozirda transmilliy narkotrafik sabab kuchaygan zo‘ravonlik bilan yuzlashmoqda. 2023 yildan buyon mamlakatda har yili qariyb 900 ta qotillik qayd etilmoqda – bu ko‘rsatkich Chaves 2022 yilda lavozimga kelishidan avvalgi davrga nisbatan taxminan 50 foizga yuqori.
Ma’lumot uchun Laura Fernandesga qadar 2010 yildan 2014 yilgacha Laura Chinchilla mamlakat tarixida prezident bo‘lgan birinchi ayol sifatida eslanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bolgariyada mamlakat tarixida ilk marta davlat rahbari vakolatlari ayol siyosatchi Iliyana Yotovaga o‘tgan edi.
Live
Barchasi