KXDR ikki davlatni yadroviy urushga tayyorgarlik ko‘rishda aybladi
Olam
−
31 iyul 2025 10089 2 daqiqa
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Oliy xalq majlisi raisi Pak In Chxol AQSH va Janubiy Koreyani yadroviy urushga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda aybladi. Bu haqda u kecha, 30 iyul kuni Jenevada o‘tgan Parlamentlar spikerlarining Butunjahon konferensiyasida so‘z ochdi.
Pak In Chxol AQSH va Janubiy Koreyani ayblar ekan, Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturlarini “bunday tahdidlardan mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan mudofaa chorasi” deb atagan.
Shuningdek, u AQSH va boshqa G‘arb davlatlarini o‘zlarining “gegemonyasini saqlab qolish” maqsadida “barqarorlik va tartibsizlikni yuzaga keltirish”da ayblagan.
“AQSH va Janubiy Koreyaning yadroviy urushni boshlashga doir ilg‘or tayyorgarligi hal qiluvchi bosqichga yetdi. Bu esa KXDRni ushbu geosiyosiy inqirozga javoban barcha zarur choralarni ko‘rishga majbur qilmoqda. Xavfsizlikka doir turli tahdidlarga oldindan javob berish salohiyatiga ega bo‘lish davlatimiz uchun suverenitet, xavfsizlik va hududiy yaxlitlikni himoya qilish nuqtai nazaridan hayotiy ahamiyatga ega”, deydi KXDR vakili.
Pak Shimoliy Koreya hech qachon “AQSH va uning qo‘g‘irchoqlarining istibdodiga va ixtiyoriy harakatlariga” chiday olmasligini va “xalqaro adolatni himoya qilish borasidagi o‘z burchini to‘liq bajarishini” ta’kidlagan.
Konferensiyada Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi spikeri U Von Sik ham ishtirok etgan va nutq so‘zlagan. U o‘z chiqishida Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar keskinligiga qaramasdan, muloqot kanallarini saqlab qolishga chaqirgan. U Pakning ayblovlariga izoh bermagan. Mazkur konferensiya doirasida ushbu davlatlar vakillari o‘rtasida hech qanday uchrashuv bo‘lmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR yetakchisi Kim Chen In G‘arb davlatlariga keskin ogohlantirish bilan chiqib, agar AQSH va uning ittifoqchilari Rossiyaga qarshi hujum qilsa, Shimoliy Koreya Qurolli kuchlari zudlik bilan harakatga o‘tishini aytgan edi.