Lavrov yangi kurortda Kim bilan uchrashdi
Olam
−
12 iyul 6963 1 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) yetakchisi Kim Chen In bilan Vonsan shahrida uchrashdi. Bu haqda RBK xabar berdi.
Lavrov safari davomida KXDR Tashqi ishlar vaziri Choe Son-Xui bilan ham muzokaralar o‘tkazgan va ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi 2025–2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik rejasini imzolagan. Rossiya Tashqi ishlar vazirining tashrifi 13 iyulgacha davom etishi kutilmoqda.
Kim Chen In ikki davlat TIV rahbarlari o‘rtasidagi muntazam aloqalarning ahamiyati oshib borayotganini ta’kidlagan. Lavrov esa Choe Son-Xui bilan muzokaralar uch soatdan ko‘proq davom etganini aytib, ularni “mazmunli, aniq va foydali” deb baholagan.
“Prezident Vladimir Putin sizga eng samimiy salomlarini yetkazdi hamda barcha erishilgan kelishuvlarga sodiqligini tasdiqlaydi va yaqin orada siz bilan bevosita muloqotni davom ettirishga katta umid bog‘lamoqda”, degan Rossiya TIV rahbari.
Lavrov o‘z so‘zining oxirida Vonsanni “KXDRdagi ajoyib yangi kurort” deb atagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreyaning Kalmaskiy yarimorolida joylashgan Vonsan-Kalmas kurort zonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Bu hududda 20 mingga yaqin mehmonni qabul qilishga mo‘ljallangan mehmonxonalar mavjudligi aytilgan. Dengizda cho‘milish joylari, sport va madaniy dam olish inshootlari ham qurilgan.
Live
Barchasi