Kiyev Eron droni bo‘yicha tekshiruvni talab qilyapti
Olam
−
27 Oktabr 2022 4467 3 daqiqa
Rossiya tomonidan Eronning “Mohajer” va “Shahed” seriyali kamikadze dronlarini yetkazib berish bo‘yicha tergov zudlik bilan boshlanishi kerak. Bu haqda Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili o‘rinbosari Xristina Gayovishin BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Gayovishin barcha davlatlarni Erondan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bunday uchuvchisiz uchoqlar, raketalar yoki oddiy qurollarni yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha har qanday choralarni ko‘rib chiqishga chaqirdi.
Diplomatning eslatishicha, Ukraina 14 oktyabr kuni BMT Xavfsizlik Kengashiga tegishli mustaqil tergov boshlash iltimosi bilan rasman murojaat qilgan.
“Biz o‘z maktubimizda Eron tomonidan “Mohajer” va “Shahed” rusumli uchuvchisiz uchoqlarni Rossiyaga topshirishi bilan bog‘liq xavotirli vaziyatga, xususan, 2022 yil avgust oyi oxirida e’tibor qaratdik”, deydi doimiy vakil o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Xavfsizlik Kengashiga Rossiya tomonidan Eronning uzoq masofali uchuvchisiz uchoqlaridan tinch aholi va infratuzilmaga hujum qilish uchun foydalanilgani haqida ma’lumot bergan.
“Bu Xitoy, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Rossiya tomonidan imzolangan va keyin 2015 yildagi 2231-sonli BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan tasdiqlangan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini qo‘pol ravishda buzishdir”, deya qo‘shimcha qildi Gayovishin.
Uning ta’kidlashicha, tergovga to‘sqinlik qilish uchun BMT Nizomi qoidalarini ataylab suiiste’mol qilinishi kotibiyatga o‘z mas’uliyatidan qochish uchun bosim o‘tkazishga ochiq urinishdir.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida “The Washington Post” gazetasi Eron Ukrainadagi urush uchun dronlarning birinchi partiyasini Rossiyaga topshirgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun Eron “Shahed” kamikadze-dronlaridan foydalangani haqida bir necha bor xabar bergan.
17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi kamikadze-dron hujumlari tufayli Eronni “Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlarida sherik” deb atadi.
Prezident Vladimir Zelenskiy G7 davlatlarining favqulodda yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Rossiya Tehrondan yana 4000 ta dron buyurtma qilganini aytdi. Shuning uchun u Kiyevga havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa sohasida yordam so‘rab murojaat qildi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Obozrevatel” nashriga bergan intervyusida Rossiya Erondan 1750 dona hajmdagi dronlarning birinchi partiyasini buyurtma qilgani, keyin ishlab chiqarish va Rossiyaga yetkazib berish uchun vaqt talab qiladigan yangi buyurtmalar boshlangani haqida ma’lum qilgandi.
“Ular asta-sekin ularni tugatmoqda, eronliklar yangilarini yasamoqda, ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: biz barcha dronlarning taxminan 70 foizini doimiy ravishda urib tushiramiz”, deydi Budanov.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni Ukrainada Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalangani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.
Live
Barchasi