XVJ O‘zbekistondagi valyuta kursini “suzuvchi” toifasida tasnifladi
Jamiyat
−
07 iyul 3017 2 daqiqa
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVF) O‘zbekistondagi valyuta kursining “suzuvchi” rejimini tan oldi. Bu haqda jamg‘arma missiyasining mamlakatga 2026 yilgi tashrifi yakunlari bo‘yicha hisobotida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, valyuta kursi moslashuvchanligining ijobiy ortishini saqlab qolish va uni valyuta bozori operatsiyalarini takomillashtirish orqali qo‘llab-quvvatlash zarur.
“Valyuta kursi moslashuvchanligi 2025 yil aprelidan buyon ortib borayotganini inobatga olib, Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonning amaldagi (de facto) valyuta kursi rejimini “sekin o‘zgaruvchi” (crawl-like) toifasidan “erkin suzib yuruvchi” (floating) toifasiga qayta tasnifladi”, deyiladi hisobotda.
Jamg‘arma ekspertlari iqtisodiyotning tashqi shoklarni yutish salohiyatini kuchaytirish, xalqaro zaxiralarni himoya qilish, valyuta risklarini ixotalashni rag‘batlantirish hamda inflyatsiyani targetlash tizimining samarali ishlashini ta’minlash uchun ushbu ortib borayotgan moslashuvchanlikni saqlab qolishni tavsiya etgan.
Mazkur maqsadga muvofiq, ekspertlar XVFning Pul-kredit va kapital bozorlari departamenti (MCM) tomonidan taqdim etilgan salohiyatni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni hayotga tatbiq etishga chaqirgan. Bu tavsiyalar valyuta bozorining faoliyatini yaxshilash, jumladan, asossiz intervensiyalarni kamaytirish maqsadida risklarga asoslangan aniq valyuta intervensiyasi strategiyasini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.
Valyuta bozori likvidligining chuqurlashishi likvidlikni yanada samarali boshqarishga ko‘maklashadi va sterilizatsiya xarajatlarini kamaytiradi. Pul-kredit va kapital bozorlari departamenti tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kapital harakat hisobvarag‘ini liberallashtirish rejalariga muvofiq, kapital harakatchanligi oshib borishi bilan ushbu omilning ahamiyati vaqt o‘tishi bilan yanada ortib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonni ichki bozordagi raqobat muhitini yaxshilash va xususiy sektor rolini kuchaytirish hamda imtiyozli kreditlash hajmini bosqichma-bosqich qisqartirishga chaqirgandi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust