XVJ O‘zbekistonni byudjet xarajatlarni oshirmaslik bo‘yicha ogohlantirdi
Jamiyat
−
14 aprel 5868 5 daqiqa
Kecha, 13 aprel kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin yillar uchun prognozi hamda soliq-byudjet, pul-kredit va tarkibiy siyosat bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qilib, mamlakatni byudjet xarajatlarini oshirmaslik bo‘yicha ogohlantirdi.
XVJ bahosiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori barqarorlikni namoyish etgan. Real YAIM faol iste’mol va investitsiyalar hisobiga 7,7 foizga o‘sgan. O‘sish keng ko‘lamli xususiyatga ega bo‘lgan, eng yuqori sur’atlar xizmat ko‘rsatish sohasi va qurilishda qayd etilgan. Ishsizlik darajasi 0,7 foiz punktiga pasayib, 4,8 foizni tashkil etgan.
Iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha inflyatsiya 2025 yil oxiriga kelib yillik hisobda 7,3 foizgacha sekinlashgan (bir yil avvalgi 9,8 foizga nisbatan). Inflyatsiyaning sekinlashishi 2024 yil may oyida energiya tashuvchilar narxi oshishi oqibatlarining yumshashi, o‘zbek so‘mining AQSH dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlanishi va qat’iy pul-kredit siyosati bilan izohlanadi. Bazaviy inflyatsiya ham 1,5 foiz punktiga pasaygan. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YAIMning 3,9 foizigacha qisqargan – bunda asosan xomashyo va noxomashyo tovarlari eksportining yuqori hajmi hamda salmoqli pul o‘tkazmalari muhim rol o‘ynagan. Xalqaro zaxiralar taxminan 13 oylik import darajasida saqlanib qolmoqda. Davlat byudjeti taqchilligi YAIMning 2,1 foizini tashkil etgan, bu belgilangan 3 foizlik maqsadli ko‘rsatkichdan sezilarli darajada pastdir.
2026 yil uchun XVJ real YAIM o‘sishini 6,8 foiz darajasida prognoz qilmoqda. Buni davom etayotgan islohotlar, barqaror investitsiyalar, pul o‘tkazmalarining yuqori darajasi va oltin narxining oshishi ta’minlaydi. Jamg‘arma bahosiga ko‘ra, 2027 yilga borib ichki talabning susayishi bilan o‘sish sur’atlari mo‘’tadil ravishda qariyb 6 foizgacha pasayadi. 2026 yildagi inflyatsiya, prognozga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichidan yuqoriligicha qoladi – bu qisman Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq jahon neft narxlarining balandligi oqibati. Inflyatsiyaning maqsadli darajasiga 2027 yilda chiqish kutilmoqda.
XVJ istiqbollarning yomonlashishi bo‘yicha mavjud xavflarga e’tibor qaratadi. Tashqi xavflar qatoriga kuchaygan geosiyosiy keskinlik, savdodagi uzilishlar, xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi va global istiqbollarning noaniqligi kiradi. Ichki xavflar orasida jamg‘arma xarajatlarning potensial protsiklik o‘sishini, davlat korxonalari, davlat tijorat banklari va davlat-xususiy sheriklikning shartli majburiyatlarini ajratib ko‘rsatadi.
Soliq-byudjet siyosati
XVJ 2025 yilda byudjet taqchilligining kamayishini ijobiy baholaydi va 2026 yilgi byudjet ijrosi davomida xarajatlarni oshirish holatlarini minimallashtirishni tavsiya qiladi. Jamg‘arma ogohlantirishicha, daromadlar bo‘yicha rejaning ehtimoliy ortig‘i bilan bajarilishida qo‘shimcha xarajatlar shusiz ham yuqori bo‘lgan inflyatsion bosimni kuchaytirishi mumkin. Yaqin Sharqdagi mojaro oqibatlari munosabati bilan qo‘llab-quvvatlash zarur bo‘lgan taqdirda, XVJ universal subsidiyalar va narxlarni tartibga solishdan qochishni, aholining zaif qatlamlari uchun vaqtinchalik manzilli choralar bilan cheklanishni maslahat beradi.
2027 yil byudjetidan boshlab XVJ xodimlari mineral resurslarni chegirib tashlagan holda nominal birlamchi taqchillikning yuqori chegarasini joriy etishni tavsiya qiladi – bu amaldagi 3 foizlik umumiy taqchillik maqsadli ko‘rsatkichiga qo‘shimcha bo‘ladi. Bu tabiiy resurslarni qazib olishdan keladigan o‘zgaruvchan daromadlarni yaxshiroq boshqarish imkonini beradi.
Soliq siyosati qismida XVJ 2020 yildan beri kuzatilayotgan soliq tushumlarining YAIMga nisbati kamayishi tendensiyasiga ishora qiladi va ayrim tovarlar uchun aksiz stavkalarini oshirish, soliq ta’tillari va foyda solig‘i bo‘yicha pasaytirilgan stavkalarni bosqichma-bosqich bekor qilish, shuningdek, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod qilishlarni bartaraf etishni tavsiya qiladi. Ushbu choralar XVJ ko‘magida tayyorlangan soliq va bojxona ma’muriyatchiligini isloh qilish strategiyalarini amalga oshirish bilan to‘ldirilishi lozim.
Pul-kredit siyosati
XVJ O‘zbekiston Markaziy bankining 2025 yil mart oyidan boshlab asosiy stavkani 14 foiz darajasida ushlab turish qarorini qo‘llab-quvvatlaydi va shu orqali yuqori ijobiy real foiz stavkalarini ta’minlaydi. Shu bilan birga, jamg‘arma so‘nggi oylarda dezinflyatsiya sur’atlari sekinlashganini, bazaviy inflyatsiya esa 2026 yil fevral oyi oxiriga kelib 6,3 foizgacha ko‘tarilganini ogohlantiradi. Shu munosabat bilan, XVJ agar inflyatsiyaning pasayish tendensiyasi tiklanmasa, zarurat tug‘ilganda siyosatni qat’iylashtirishni tavsiya qiladi. Jamg‘arma, shuningdek, 2025 yil aprel oyida joriy etilgan ayirboshlash kursining moslashuvchanligini oshirish yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlab, ushbu yondashuv iqtisodiyotning tashqi shoklarni yutish qobiliyatini mustahkamlashini va inflyatsion targetlashga o‘tishga yordam berishini ta’kidlaydi.
Moliyaviy sektor
Davlat tijorat banklarini isloh qilish va xususiylashtirishni tezlashtirishni XVJ asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri deb ataydi. Jamg‘arma aktivlar sifatini tekshirishni barcha tijorat banklariga tatbiq etish va ishlamaydigan kreditlar (NPL) bahosini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish qarorini olqishlaydi. Shu bilan birga, XVJ tizimli ahamiyatga ega davlat banklarining davlat funksiyalarini bajaruvchi tuzilmalar sifatida qolishi moliyaviy barqarorlik uchun xavflarni oshirishi va byudjet xarajatlarini ko‘paytirishi mumkinligidan ogohlantiradi.
Asosiy ustuvorliklar qatorida jamg‘arma, shuningdek, direktiv kreditlash dasturlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, Markaziy bankning operatsion mustaqilligini ta’minlash, stress-testlarni takomillashtirish va moliyalashtirishdan foydalanishni cheklaydigan foiz stavkalarining yuqori chegaralarini belgilash amaliyotidan voz kechishni qayd etadi.
Tarkibiy islohotlar
XVJ davlat korxonalari islohotini tezlashtirishni talab qiladi va raqobatbardosh sohalardagi rentabelli davlat korxonalari xususiylashtirilishi, yashashga qobil bo‘lmaganlari esa tugatilishi kerakligini ko‘rsatadi. Yaqinda tashkil etilgan Milliy investitsiya jamg‘armasining investorlarni jalb qilishdagi muvaffaqiyati, jamg‘arma bahosiga ko‘ra, unda aniq vakolatlar va operatsion avtonomiya mavjudligiga bog‘liq bo‘ladi.
Boshqaruv sohasida XVJ xabar beruvchilarni himoya qilish va aktivlarni deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni qabul qilish zarurligini ko‘rsatadi. Mehnat bozori islohotlari ayollarning mehnat faoliyatidagi ishtiroki pastligini, norasmiy bandlikning yuqori darajasini va malakali kadrlar yetishmovchiligini bartaraf etishga qaratilishi kerak. Jamg‘arma, shuningdek, iqlim maqsadlarini davlat investitsiyalarini boshqarish tizimiga yanada zichroq integratsiya qilishga va monopoliyaga qarshi tartibga solishni faollashtirishga, shu jumladan JSSTga a’zo bo‘lish bilan bog‘liq islohotlarni yakunlashga chaqiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva Yaqin Sharqdagi inqirozning ehtimoliy iqtisodiy oqibatlari, xususan, inflyatsiyaning oshishi va iqtisodiy o‘sishning pasayishi haqida ogohlantirgandi.
Live
Barchasi