XVJ O‘zbekistonda raqobat muhitini yaxshilashga chaqirdi

Jamiyat

image
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonni ichki bozordagi raqobat muhitini yaxshilash va xususiy sektor rolini kuchaytirish hamda imtiyozli kreditlash hajmini bosqichma-bosqich qisqartirishga chaqirdi. Bu haqda jamg‘armaning O‘zbekiston bo‘yicha navbatdagi konsultatsiyalari yakunlari bo‘yicha bayonotida so‘z boradi.

XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti so‘nggi yillarda barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Mamlakat yalpi ichki mahsuloti 2025 yilda 7,7 foizga o‘sgan bo‘lsa, 2026 yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish sur’ati 8,7 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, ishsizlik va qashshoqlik darajasi pasaygan, inflyatsiya esa 2024 yil may oyidagi energetika tariflari islohotidan keyingi yuqori ko‘rsatkichlardan tushib, 2026 yil aprel oyida 7 foizgacha kamaygan.

XVJ hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda davlat byudjeti taqchilligi YAIMning 2,1 foizigacha qisqargan. Oltin narxlarining yuqori bo‘lishi, pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi va oltindan tashqari eksportning kengayishi tashqi savdo ko‘rsatkichlarining yaxshilanishiga xizmat qilgan. Natijada joriy hisob taqchilligi YAIMning 3,9 foizigacha pasaygan.

Jamg‘arma 2026 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6,8 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Bu o‘sish xususiy iste’mol, investitsiyalar va tarkibiy islohotlarning davom etishi hisobiga ta’minlanishi kutilmoqda.

XVJ inflyatsiya 2027 yil oxiriga borib Markaziy bankning 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichiga yaqinlashishini prognoz qilgan. Shu bilan birga, xalqaro zaxiralar yuqori darajada saqlanib qolishi va 2026 yil oxirida importning 12 oyidan ortiq hajmini qoplashi kutilmoqda.

XVJ ekspertlari global geosiyosiy keskinliklar, jumladan, Yaqin Sharqdagi mojarolar tashqi talabning susayishiga, eksport narxlarining pasayishiga va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitning yomonlashishiga olib kelishi mumkinligini qayd etgan.

Ichki xavflar sifatida esa byudjet xarajatlarining ortishi, imtiyozli va yo‘naltirilgan kreditlash amaliyotining saqlanib qolishi hamda ayrim tarkibiy islohotlarning kechikishi tilga olingan.

Jamg‘arma O‘zbekiston hukumatini:
  • inflyatsiyani pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab qolishga;
  • byudjet xarajatlarini ehtiyotkorlik bilan boshqarishga;
  • davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirishni jadallashtirishga;
  • soliq ma’murchiligini takomillashtirishga;
  • imtiyozli kreditlash hajmini bosqichma-bosqich qisqartirishga;
  • moliyaviy sektor barqarorligini mustahkamlashga;
  • raqobat muhitini yaxshilash va xususiy sektor rolini kuchaytirishga chaqirgan.

Shuningdek, XVJ O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlash, mehnat bozorini isloh qilish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq siyosatlarni kuchaytirish iqtisodiy o‘sishning barqarorligiga xizmat qilishini qayd etgan.

XVJ xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti hozircha kuchli sur’atlarda o‘sishni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash uchun bozor islohotlari va xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish muhim ahamiyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin yillar uchun prognozi hamda soliq-byudjet, pul-kredit va tarkibiy siyosat bo‘yicha tavsiyalarini e’lon qilib, mamlakatni byudjet xarajatlarini oshirmaslik bo‘yicha ogohlantirgandi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing