Xolmo‘min Yodgorov lavozimini saqlab qoldi
Jamiyat
−
11 avgust 13769 2 daqiqa
Bugun, 11 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senati Kengashining majlisida Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Buvraboyevich Yodgorov ushbu lavozimga yana 5 yil muddatga saylandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan uni O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi lavozimiga saylash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Xolmo‘min Yodgorov 2017 yil may oyi Oliy sud raisi o‘rinbosari, 2020 yilning avgust oyida esa hozirgi lavozimiga tayinlangan edi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 135-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanishi qayd etilgan. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas.
“Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 72-moddasiga ko‘ra, sud raisi, rais o‘rinbosarining vakolatlari muddati besh yil. Shaxs ayni bir sudda ketma-ket ikki muddatdan ortiq rais, rais o‘rinbosari lavozimini egallab turishi mumkin emas. Sud raisi, rais o‘rinbosari vakolatlari u saylangan yoki tayinlangan muddat o‘tgach tugaydi. Sud raisi, rais o‘rinbosarining vakolatlari muddati o‘tgani yoki u tomonidan egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida ariza bergani munosabati bilan tugagan taqdirda, uning sudyalik vakolatlari saqlanib qoladi va u shu kundan boshlab sudyalik lavozimida ishni davom ettiradi, mazkur sudda bo‘sh turgan sudyalik lavozimi bo‘lmagan taqdirda, o‘zining roziligi bilan sudyalik vakolatlarining qolgan muddatiga boshqa sudga sudyalik lavozimiga o‘tkaziladi.
Live
Barchasi