Xodim Yelisey saroyidan idish o‘g‘irlab, internetda sotdi
Olam
−
27 dekabr 2656 2 daqiqa
O‘tgan haftada Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning rasmiy qarorgohi – Yelisey saroyi xodimi qo‘lga olindi. U kumush va chinni idishlarni o‘g‘irlashda ayblanmoqda. O‘g‘irlangan buyumlarning umumiy qiymati 40 ming yevroga baholanmoqda. Shuningdek, uning ikki nafar sherigi ham hibsga olingan. Bu haqda Parij prokuraturasiga tayanib, “The Guardian” xabar berdi.
Tergov versiyasiga ko‘ra, kolleksiyalarni saqlash uchun mas’ul bo‘lgan erkak uzoq vaqt davomida buyumlarni, asosan milliy meros hisoblangan Sevra korxonasi (qirollik va davlat uchun mo‘ljallangan nafis chinni buyumlar ishlab chiqaradi) chinnilarini yashirincha o‘g‘irlab. Uchlik o‘g‘irlangan buyumlarni onlayn platformalar orqali sotishga uringan.
Hodisa Sevra korxonasi mutaxassislari tomonidan fosh etilgan. Ular internetda noyob buyumlarni payqab qolgan. Tintuvlar chog‘ida gumonlanuvchilardan qariyb 100 ta buyum topilib, saroyga qaytarilgan. Ular orasida Sevra chinnilari, “Baccarat” kristall buyumlari va “Lalique” ustaxonasiga mansub asarlar ham bor.
Ayblanuvchilarga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid qilmoqda. Sud majlisi 2026 yil 26 fevralga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 oktyabr kuni ish vaqti davomida niqob kiygan jinoyatchilar Luvrga kirib, imperatorlik kolleksiyasiga mansub to‘qqizta eksponatni, jumladan, Napoleon va uning rafiqasi Jozefinaga tegishli zargarlik buyumlarini o‘g‘irlagan edi. O‘g‘rilikdan yetgan zarar 88 million yevroga baholangan.
Voqeadan Bir hafta o‘tib, Luvrdan zargarlik buyumlarini o‘g‘irlashda gumon qilinayotgan to‘rt kishidan ikki nafari qo‘lga olingan. Ulardan biri Parijdagi Ruassi – Sharl-de-Goll aeroportida, Jazoirga uchadigan samolyotga chiqish paytida hibsga olingan. Ikkinchisi esa Sena-Sen-Deni departamentida qo‘lga olingan.