Xitoyning virus tarqalgan xavfli hududida 72 o‘zbek bolasi borligi aniqlandi
Jamiyat
−
29 yanvar 2020
9506Xitoyning koronavirus tarqalgan murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan hududida 72 nafar o‘zbekistonlik talaba yashab kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati xabar bermoqda.
Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilaridan ayni kunlarda Xitoyda bo‘lib turgan o‘zbekistonlik yoshlar ahvoli haqida ma’lumotlar olgan.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Xitoyning koronavirus tarqalgan murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan hududida 72 nafar o‘zbekistonlik talaba mavjud bo‘lib, ular bilan O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi, Bosh konsulxonasi xizmati xodimlari hamda universitet ma’murlari tomonidan doimiy muloqot olib borilmoqda.
“O‘zbekistonlik talabalarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq hech qanday shikoyatlar mavjud emas. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Xitoyning Uxan shahrida paydo bo‘lib, dunyoga tarqalayotgan yangi 2019-nCoV koronavirusidan bugungacha 132 kishi halok bo‘ldi. Xitoyda ushbu virusga chalinganlar soni 5974 nafarni, dunyoda esa 6062 nafarni tashkil etyapti.